O‘zbekistonda dori vositalarining sertifikat va maksimal narxlarini tekshirish platformasi — “Dorigar” ishga tushirildi. Bu haqda “Edulog CRM” ishlab chiqish kompaniyasi “Spot"ga ma’lum qildi.
Platforma ma’lumotlar bazasiga 37 mingga yaqin dori vositalari kiritilgan bo‘lib, u orqali dorixonalardagi narxlarni davlat tomonidan belgilangan narxlar bilan solishtirish mumkin.
Maksimal chakana narx haqidagi ma’lumotlar bilan birga, platformada dorivor mahsulotning muvofiqlik sertifikati olgan-olmaganligi haqida ham ma’lumotlar mavjud.
Kerakli dori vositasini topish uchun qidiruv tizimiga dori vositasining savdo nomi yoki xalqaro nodavlat nomini kiritish kerak. Shuningdek, ma’lumotlarni o‘zbek va rus tillarida olish mumkin.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar, mualliflik huquqi egalari va boshqalar haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi marjinal savdo ustamalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bunda ulgurji uchun — xarid narxining 15%idan, chakana savdo uchun — ulgurji narxning 20%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Agar dorixonada sotilayotgan dori vositasining belgilangan eng yuqori chakana narxidan oshirib yuborilganligi aniqlangan taqdirda, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 1159 ishonch telefoni hamda customer.uz sayti orqali murojaat qilish mumkin.
Platformaga havola orqali o‘tish mumkin.
2022-yili aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 1-maydan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dorilar uchun dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirilihsi belgilangan.