Daniyaning “Maersk Air Cargo” yuk aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni boshlaydi. Bu haqda “Uzbekistan Airports"ning matbuot xizmati xabar berdi.
Aviaqatnovlar Billund-Navoiy-Xanchjou-Navoiy-Billund yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilib, yuk tashuvchisining birinchi parvozi 20-martga belgilangan.
Reyslar boshida haftasiga olti marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 36 martagacha ko‘payadi.
Boeing 767 yuk samolyotlari Daniyadan O‘zbekiston orqali Xitoyga va ortga uchadi.
Shuningdek, “Navoiy” aeroporti aviakompaniya samolyotlarini texnik qo‘nish, yonilg‘i quyish va ekipajni almashtirish uchun tranzit punktiga aylanadi.
“Maersk Air Cargo” — shtab-kvartirasi Daniyaning Billund shahrida joylashgan Daniya yuk aviakompaniyasi.
Kompaniya 2022-yilda “Maersk” logistika guruhi tarkibiga kiruvchi “Star Air” aviatashuvchisi negizida tashkil etilgan.
Avvalroq, “China Southern Airlines” Pekin va Toshkent o‘rtasidagi qatnovlarni tiklashi haqida xabar berilgandi.