Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017−2022 yillarda O‘zbekistonda pul-kredit sohasida amalga oshirilgan ishlar va ularning qanday natija berganligini tahlil qildi.
Xususan, pul-kredit siyosati bosqichma-bosqich erkinlashtirilayotgani ta’kidlanib, bu jarayonda e’tibor qaratilgan quyidagi jihatlar keltirilgan:
- valyuta siyosatini erkinlashtirish;
- bank xizmatlari ommabopligini oshirish;
- inflyatsion targetlash tartibiga bosqichma-bosqich o‘tish;
- bank sektorini erkinlashtirish.
Bu orqali 2017-yilda Markaziy bank almashinuv kurslarini unifikatsiya qildi va valyuta bozorini erkinlashtirdi. Bu esa o‘zbek so‘mining yagona kursi shakllanishiga olib kelib, korxonalarning xalqaro faoliyatini osonlashtirdi.
Bundan tashqari, 2018-yilda Markaziy bank boshqaruvi Moliyaviy ommaboplik alyansiga (Alliance for Financial Inclusion) a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.
Natijada, bank xizmatlarini masofadan ko‘rsatuvchi tizimlardan foydalanuvchilar soni 15 marotaba, kredit qo‘yilmalari 7,4 marotaba, bank aktivlari 6,6 marotaba, jalb qilingan depozitlar hajmi 5,8 marotaba oshgan.
2019-yilda hukumat inflyatsiyani targetlash bo‘yicha 5 yillik strategiyani e’lon qildi. Unda inflyatsiya darajasini 4−5% atrofida ushlab turish vazifasi belgilangandi.
Bank sektori erkinlashtirilib, sog‘lom raqobat muhiti shakllantirildi va 2025-yilgacha oltita davlat bankini xususiylashtirish vazifasi qo‘yildi.
O‘tgan yili “Ipoteka-bank"ning 75% davlat ulushi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Aksiyalarning 75% hozir, qolgan 25% esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil keyin sotiladi.
Birinchi bitimning moliyaviy yopilishi 2023-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Joriy yil yanvar oyida esa “O‘zagroeksportbank"ning 100% davlat ulushi “Support Level” kompaniyasiga $5 mlnga sotildi.
O‘tgan yilning oxirigacha “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgandi.
Joriy yilning 1-iyuliga qadar esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirish belgilangan.
YeTTB banklarni xususiylashtirish jarayonini biroz surishni maslahat berdi. YeTTB vitse-prezidenti Yurgen Rigterink bu jarayon katta ijtimoiy mas’uliyat bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish ko‘pincha xodimlarni qisqartirishni anglatadi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa 2027-yilgacha O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolishi va qolganlari xususiylashtirilishini ta’kidladi.
Shuningdek, ekspertlar bank tizimini raqamlashtirish jarayonida ularning mobil ilovalari soni 21 tadan oshganini ta’kidladi.
“TBC Bank” va “Anorbank” raqamli banklari o‘z faoliyatini boshladi. O‘tgan yil oxirida regulyatoryana bir raqamli bank faoliyati uchun “Smart Bank"ga litsenziya berdi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha xulosalarini e’lon qilgandi.
Valyuta jamg‘armasi 2023-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish biroz pasayishini, bu ko‘rsatkich 5%dan sal kamroq bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Shuningdek, tashkilot pul-kredit siyosati, xususiylashtirish hamda soliq va bojxona kabi yo‘nalishlarda tavsiyalar berdi.