Joriy yildan “Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi” tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tanlovning umummiy jamg‘armasi 717 mln so‘mga teng bo‘lib, unda vazirlik tizimidagi quyidagi OTMning bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1−2−3 bosqichni tamomlagan talabalari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi:

  • Toshkent shahridagi Inha universiteti;
  • Toshkent shahridagi Amiti universiteti;
  • IT-Park University raqamli universiteti.

Shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, uning filiallari, litsey, texnikumi talabalari va o‘quvchilari ham ishtirok etishi mumkin.

Vazirlik stipendiyasi kvotasi ta’lim muassasalari o‘rtasida taqsimlanadi.

Bunda talabalarga BHMning 5 barobari miqdorida oyiga 1,5 mln so‘mdan, o‘quvchilarga BHMning 2 barobari miqdorida oyiga 600 ming so‘mdan 10 oy davomida berib boriladi.

Tanlov joriy yilning iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi va hujjatlar it-istedod.uz portali orqali onlayn qabul qilinadi.

Nomzodlarni baholash mezoni quyidagicha:

  • xorijiy tillarni bilish darajasi (B1,B2,C1);
  • xalqaro IT-sertifikat mavjudligi;
  • hakaton yoki IT-tanlovlarda ishtiroki;
  • ilmiy-ijodiy va innovatsion ishlari mavjudligi;
  • o‘zlashtirish darajasi (GPA).

Bunda ikki semestr GPA bali 76% va undan yuqori bo‘lishi kerak.

Stipendiya tanlovida OTMning kunduzgi va masofaviy shaklida tahsil oluvchi talabalari ishtirok etishi mumkin.

Avvalroq joriy yilning may oyidan boshlab har yili IT bo‘yicha “President Tech Award” tanlovi o‘tkazilishi va tanlov g‘oliblari jamoatchilik tomonidan maxsus portalda ovoz berish orqali aniqlanishi haqida xabar berilgandi.