Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bitimga ko‘ra, Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi va quvvati 800 MVtga teng energiya saqlash tizimlari quriladi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan energiya saqlash tizimi joriy etiladi.

Tadbir davomida Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi.

Ushbu elektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 900 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Buning natijasida 257 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 360 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

Energetika vazilrigi ma’lum qilishicha, “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4 100 MVt bo‘lgan 5 ta elektr stansiya, xususan 2 600 MVt quvvatli 4 ta shamol va 1 500 MVt quvvatga ega 1 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda.

Kompaniya tomonidan Sirdaryo viloyatida qurilayotgan 1 500 MVt quvvatli zamonaviy IES joriy yilda ishga tushiriladi.


Avvalroq “Spot” “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda umumiy quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolangani haqida yozgandi.