2022-yil davomida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” dasturi doirasida 11 mln 435 mingta ichki sayohatlar amalga oshirilgan. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, sayohatlar soni 2021-yilga nisbatan 1,9 barobarga oshgan.

Mamlakat ichidagi sayohatlarning asosiy qismi — 10,1 mln nafari fuqarolarning shaxsiy sayohatlaridir. Yana 700 mingtasi mehnat jamoalari tarkibida amalga oshirilgan.

Shuningdek, yil davomida yoshlar va pensionerlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab 588 ming tur tashkil etildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy daftarga kiritilgan qariyb 38 ming nafar xotin-qiz, 1,4 ming nafar kam taʼminlangan oilalar mamlakatimiz boʻylab sayohat qilish imkoniyatiga ega boʻldi.

2022-yil aprel oyida prezident ichki turizm sanoati uchun yiliga 10 mln sayohatni tashkil etish vazifasini qo‘ygandi.

Sanoat korxonalari qator soliq imtiyozlari, shuningdek, maqsadli subsidiyalar va imtiyozli kreditlar oldi

1-sentabrdan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchi fuqarolar uchun keshbek dasturi ishga tushirildi.

Uning doirasida mahalliy sayyoh avtobus, poyezd yoki samolyot chiptalari narxining 15%ini, mehmonxonalarga sarflangan xarajatlarning 20%ini va madaniy-ko‘ngilochar maskanlarga tashrifi uchun 50%ini qoplashi mumkin.

Buning uchun “Soliq” ilovasida tegishli fiskal tushumlarning QR kodlarini skanerdan o‘tkazish kerak.


Avvalroq “Spot” o‘zbekistonliklar 2022-yilda qayerga va nima maqsadda xorijga eng ko‘p borgani haqida yozgandi.