“Zolotaya Korona” pul o‘tkazmalari xizmati sanksiyalar ostidagi Rossiya banklarining kartalaridan pul o‘tkazmalarini to‘xtatdi, deya xabar beradi “RBC” nashri to‘lov tashkiloti matbuot xizmatiga tayanib.
“Transchegaraviy o‘tkazmalarni amalga oshirayotganda biz boshqa mamlakatlardagi pul o‘tkazmalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘laydigan hamkorlar, hisob-kitob banklari va o‘zimizning muvofiqlik bo‘linmamiz talablariga amal qilishga majburmiz, o‘tkazmalar uchinchi davlatlarning sanksiyalar rejimlarini buzish xavfi tufayli cheklangan”, — deyiladi “Zolotaya Korona” bayonotida.
Pul o‘tkazmalari xizmati “Tinkoff Bank”, “Sberbank” va “Alfa-Bank” kartalaridan pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar haqida shikoyat qilgan mijozlarning so‘rovlariga javob berdi.
AQSh va Yevropa Ittifoqining ushbu Rossiya banklariga nisbatan qo‘ygan sanksiyalari tufayli to‘lov tashkiloti ularga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi.
24-fevral kuni AQSh moliya vazirligi “Moskva kredit banki”, “Uralsib” banki, “MTS” banki va boshqa moliya institutlariga qarshi sanksiyalar e’lon qildi.
25-fevral kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning o‘ninchi paketini qabul qildi, xususan, “Tinkoff”, “Alfa-Bank” va “Rosbank"ga nisbatan cheklovlarni o‘z ichiga olgan.
Umuman olganda, Rossiyaning 20 dan ortiq banklari G‘arb sanktsiyalari ostida, jumladan VTB, Otkritie, Novikombank, Promsvyazbank, Sovcombank va boshqalar.
Avvalroq “Spot” “Tinkoff” sanksiyalar tufayli Gruziyaga valyuta o‘tkazmalarini to‘xtatgani haqida yozgandi.