Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari O‘zbekiston hududlaridagi Iqtisodiy faollik barometrini o‘rgandi.
IFB hududlardagi iqtisodiy o‘sish tendensiyasini aks ettirib, nomutanosibliklarni kamaytirish choralarini ko‘rish hamda hududlarda ishbilarmonlik faolligini oshirish chorasini topish uchun samarali vosita hisoblanadi.
Hududlar bo‘yicha IFBni baholashda 12 ta statistik ko‘rsatkichni o‘z ichiga olgan 3 ta tarkibiy qism — sanoat, tadbirkorlik, tashqi savdo faoliyatini nisbiy taqqoslash va “Pattern” usullari qo‘llanilgan.
2017−2022 yillar bo‘yicha baholash natijalariga ko‘ra, Iqtisodiy faollikning nisbatan yuqori darajasi Toshkent shahri, Jizzax, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlarida qayd etildi.
Mazkur hududlar guruhi (Jizzaxdan tashqari) IFBda dinamik iqtisodiy o‘sish (2017−2022 yillardagi YaHM o‘sishi respublika ko‘rsatkichidan yuqori — 128%) asosan sanoat ishlab chiqarishi, chakana savdo, qurilish ishlari, tovarlar va xizmatlar eksporti hisobiga kuzatilmoqda.
YaHMning mo‘tadil o‘sishiga qaramay, Jizzax IFBning yuqoriligi iqtisodiyot tarmoqlari (sanoat, xizmat ko‘rsatish), tadbirkorlik (mavjud kichik bizneslarning o‘sishini) hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish (mashina va uskunalar importi) hisobiga ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga, IFB Jizzax, Namangan, Andijon, Xorazm viloyatlari iqtisodiy rivojlanish darajasining oshishida ham kuzatilgan.
O‘rtacha faollik darajasiga ega bo‘lgan ikkinchi guruhni Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo, Navoiy egallab, ularda tadbirkorlik yaxshi rivojlangan, lekin ishlab chiqarish sur’ati nisbatan past.
Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonning nisbatan past iqtisodiy faolligi tabiiy resurslar va xomashyo resurslaridan samarali foydalanishni inobatga olgan holda eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirishni qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.
Mazkur muammo iqtisodiyoti agrar yo‘nalishga ega hududlar Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda iqtisodiy rivojlanish darajasi past bo‘lgan hududlar — Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Farg‘ona, Surxondaryo uchun ham dolzarb.
Umuman olganda, hududlarning 2017−2022 yillardagi IFB darajasi nisbatan past rivojlangan hududlar — Jizzax, Namangan, Xorazmning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilgan.
Ayni paytda tadbirkorlik va biznesni kengaytirish hududlarning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishning yetakchi bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Avvalroq, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari QQS 15%dan 12%ga tushirilishini iste’mol tovarlari narxlar darajasiga ta’sirini o‘rgangandi.