Maqolada keltirilgan barcha ma’lumotlar faqat tanishish uchun berilgan. Raqamlar taxminiydir va individual holatga qarab farq qilishi mumkin.


Hammasi qanday boshlandi?

Onalik ta’tilida bo‘lgan paytlarimizda, o‘z ishimizni boshlashni juda xohlagan edik. Pastilalar va meva chipslari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi gazaklarning xilma-xilligini oshirish va ularni sog‘liq uchun yanada foydali qilish istagidan kelib chiqqan.

Biz, yosh onalar uchun bolalarning to‘g‘ri ovqatlanishi juda muhim edi, shuningdek, o‘z mahsulotlarimiz orqali iste’molchilarga hayot sifatini yaxshilash imkoniyatini berishni xohladik.

Konservantlarsiz, shakar yoki asalsiz tabiiy mahsulotlar ishlab chiqaramiz. Pastilalarning tarkibida faqat mevalar bor. Aynan mana shu xususiyat “LOVECO” kompaniyasining nomi bilan bog‘liq bo‘lib, bu “Men ekologik mahsulotni yaxshi ko‘raman” degan ma’noni anglatadi.

2019-yil may oyidan boshlab biz mahsulotlarni yaqinlar, do‘stlar va tanishlarimizga taklif qilib, faol sinovdan o‘tkazishni boshladik. Takliflarni qabul qildik, maslahatlarni tingladik, mahsulotlarga talab bor-yo‘qligini tahlil qildik.

Dastlab, bizda faqat ikkita meva quritgich bor edi. Boshida mahsulotlarni “Instagram” va “Facebook” sahifalari orqali taklif qildik. Brend yaratish bilan mustaqil ravishda shug‘ullandik, logotip dizayner bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Biroz vaqt o‘tgach, biz “Next” savdo markazidagi yakshanba yarmarkasida qatnashdik, shundan so‘ng ko‘plab doimiy mijozlarga va biznesni rivojlantirish uchun foydali tanishlarga ega bo‘ldik. Kun davomida 9000 so‘m turadigan 1 o‘ram pastilalar sotib, 1,5 mln so‘mga yaqin daromad olishga erishdik. Bunday ko‘rsatkichlar mahsulotlarga talab borligini va biznesni rivojlantirishda davom etishimiz kerakligini ko‘rsatdi.

To‘rt oy ichida buyurtmalar hajmi shunchalik ko‘paydiki, ikkita quritgichda mahsulot tayyorlashga ulgurmadik. Keyin biz ishimizni kattalashtirish uchun alohida joy qidira boshladik va qo‘shimcha uskunalarga buyurtma berdik. Bunga parallel ravishda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshladik.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bozor dinamikasi

So‘nggi bir necha yil ichida Toshkent bozorida sog‘lom turmush tarziga oid mahsulotlarni sotishga ixtisoslashgan ko‘plab do‘konlar paydo bo‘ldi. Agar biz faqat bizning segmentimizni hisobga oladigan bo‘lsak, unda bizning kompaniyamiz paydo bo‘lishidan oldin bozorda pastilalar juda kam edi va ulardan eng ko‘pi esa uy sharoitida tayyorlangan. Biz birinchilardan bo‘lib bu biznesni kengaytirishga muvaffaq bo‘ldik.

Bugungi kunda bozorda shunga o‘xshash mahsulotlarni taklif qiluvchi boshqa bir qancha kompaniyalar paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, bizda unchalik foydali bo‘lmagan gazaklar (kartoshka chipslari, shokolad batonlari va boshqalar) ishlab chiqaruvchi ko‘plab raqobatchilar mavjud.

Ammo biz raqobatchilardan qo‘rqmaymiz, chunki bozor juda keng. Bundan tashqari, boshqa o‘yinchilarning paydo bo‘lishi orqada qolib ketishga emas, balki biznesni yanada rivojlantirishga undaydi.

Ko‘pchilik tarkibida shakar va konservantlar bo‘lmagan sog‘liq uchun foydali gazaklarni tanlamoqda. Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarzi bugungi kunda trendga aylangan bo‘lib, ko‘pchilik unga rioya qilishga harakat qiladi.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish

Buxgalter va advokat bilan maslahatlashib, biz MChJning shaklini tanladik. Shu bilan, biz QQS va daromad solig‘i to‘lovchisiga aylandik.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishda eng katta qiyinchilik muvofiqlik sertifikatini olish edi. Busiz oziq-ovqat mahsulotlarini sotish mumkin emas. Biz bozorda birinchi bo‘lganimiz sababli, texnologiyani ishlab chiqishimizga to‘g‘ri keldi, chunki o‘sha paytda pastilalar uchun davlat standarti yo‘q edi.

Biz texnik ko‘rsatmalar yozdik, har bir turdagi mahsulotni laboratoriyaga jo‘natdik. Umuman olganda, bu jarayon odatda taxminan bir oy davom etadi, ammo bizda pandemiya tufayli biroz kechiktirildi.

Nizom va shaxsiy hujjatlarni ilova qilib, ularni YIDXP (MyGov) orqali ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berdik, shundan so‘ng bankda hisob ochtirdik. Kerakli sertifikatlarni olgach, do‘konlar bilan birinchi shartnomalarni tuzishga muvaffaq bo‘ldik. Biz asosan shartnoma asosida o‘tkazma punktlari bilan ulgurji savdo qilamiz.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Boshlang‘ich mablag‘

Dastlab, pastilalar va mevali chipslar ishlab chiqarish sexini yaratish uchun shaxsiy mablag‘larimizdan $7000 ga yaqin miqdorni yo‘naltirdik.

Hozir shunga o‘xshash biznesni ochish uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

Obyekt

Miqdor (dollarda)

Binoni ijaraga olish

200

Joyni ta’mirlash

1000

Mebel

500

Uskunalar (quritish mashinalari, muzlatgichlar, blender, slayserlar, pech)

3000

Xodimlarning ish haqi

1000

Kommunal to’lovlar

300

Targ’ib qilish, reklama

100

Mahsulot uchun materiallar

1000 dan boshlanadi

Bizning biznesimizni qo‘llab-quvvatlagan va rivojiga hissa qo‘shgan do‘st va tanishlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Ular Rossiyadan quritgichlarni olib kelishga yordam berishdi, qisman mebel qismlari, muzlatgich va boshqalar bilan ta’minlashdi.

Uskunalar uchun xarajatlarning eng katta qismi quritgich va muzlatgichlarga ketdi. Biz asta-sekin kengayib bordik. Ularning xarajatlari o‘zini qoplagach, yana investitsiya kiritdik va yangilarini sotib oldik.

Shunday qilib, bizning ikkita quritgichimiz to‘rt oy ichida o‘zini oqladi, keyin yana sakkiztasini, bir muncha vaqt o‘tgach, yana o‘ntasini sotib oldik. Hozir seximizda 20 ta degidrator, 2 ta muzlatgich kameralar, pech, blender, bir nechta slayser mavjud.

O‘zini qoplash muddati — 1,5−2 yil. Sarmoya kiritish davrining davomiyligi biznesni kengaytirish uchun imkoniyatlar va istaklar darajasiga bog‘liq. Biz imkon qadar ham xizmat ko‘rsatishni, ham xodimlar uchun sharoitlarni yaxshilashni istaymiz. Shu sababli, bugungi kunga qadar biz foydaning bir qismini qayta investitsiya qilishni davom ettirmoqdamiz.

Hozir korxonaning bir oylik aylanmasi 60 mln so‘m bo‘lib, shundan 20−30 mln sof foyda, marja 50 foizni tashkil etadi. Kuniga 300 dona pastila va 2−3 kg mevali chipslar ishlab chiqaramiz. Pastilalarni bitta o‘ramining narxi 14 ming so‘m, chipslar esa 18 ming so‘m.

Yetkazib beruvchilar bilan ishlash

Biz Rossiyadagi distribyutorlardan Yevropada ishlab chiqarilgan Ezidri quritgichlarini sotib oldik. Yaxshi tomoni shundaki, degidrator sotib olganimizda to‘plam bilan birga foydalanuvchi qo‘llanmasi ham keldi — unda bir nechta retseptlar ham yozilgan edi. Biz barcha boshqa uskunalar va sarf materiallarini mahalliy yetkazib beruvchilardan sotib olamiz.

Pastilalar va chipslarni sinab ko‘rish bosqichida meva olish uchun turli bozor va do‘konlarga o‘zlarimiz bordik. Tovar aylanmasining oshishi bilan biz mezonlarga mos keladigan doimiy yetkazib beruvchini qidira boshladik: o‘tkazmalar bo‘yicha ishlar, kerakli miqdordagi mevani o‘z vaqtida yetkazib berish masalalari bilan qiziqdik.

Uzoq qidirdik, dehqonlar bilan ham gaplashdik. Biz yetkazib beruvchilarni bir necha bor almashtirishga majbur bo‘ldik, chunki hammasi ham mas‘uliyatli emasdi. Natijada bizga har hafta meva yetkazib beradigan doimiy hamkorni topishga muvaffaq bo‘ldik. Bu fermer xo‘jaligining rahbari bo‘lib chiqdi, u ham boshqa fermerlarga marketing borasida yordam berib keladi.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Mijozlar bilan ishlash

Bizning maqsadli auditoriyamiz 20−45 yoshdagi oilasi va farzandi bor ayollardir. Yetkazib berish uchun kuniga o‘rtacha hisob 100 ming so‘mdan, buyurtmalar soni esa 10 dan ortiq.

Bundan tashqari, “LOVECO” mahsulotlari Toshkent shahridagi 30 dan ortiq do‘konlar, tarmoqlar va qahvaxonalarda taqdim etilmoqda. Ular orasida “Botanica”, “Green Apple” va “Tegen” do‘konlari tarmog‘i, “Le Buffet” qahvaxonasi, “Kid's Plate”, “Ecobozor” va boshqalar bor.

Mahsulotlar ulgurji narxlarda (pastilalar uchun 12 870, chipslar uchun 14 400 so‘m) taqdim etiladi va do‘kon rahbariyati ularning narxini mustaqil ravishda belgilaydi.

“Instagram” sahifasini yuritish davomida biz Samarqanddan ko‘plab mijozlarga ega bo‘ldik. Ilgari pochta orqali yuborardik, ammo bunda yetkazib berishga 2−4 kun ketardi. Ammo bizda mijozlar ko‘p bo‘lib, bundan tashqari, mijozlar, masalan homilador ayollar, mahsulotni darhol olishni xohlashardi.

Shunday qilib, biz savdo nuqtalarini qidira boshladik. Natijada, Samarqanddagi “Ореховый сад” do‘koni bilan hamkorlik qila boshladik.

Ishga qabul qilish va ko‘tarilish

Biznesni “Instagram” va “Facebook"da targeting orqali targ‘ib qilamiz. Biz reklama uchun oyiga 100 dollar sarflaymiz. Dastlab, sahifalar mustaqil ravishda yuritildi, ammo vazifalarning ko‘payishi bilan 2020-yilda SMM mutaxassisini yollashga qaror qildik. Xodim trendlarni kuzatib boradi, statistikalarni taqdim etadi, bizga yangi yechimlarni taklif qiladi.

Do‘konda ikkita doimiy ishchi ishlaydi. Sinov davrida ularga o‘zimiz ish o‘rgatganmiz. Yoz mavsumida ko‘p miqdorda meva va rezavorlarni qayta ishlash uchun qo‘shimcha ravishda 3−4 kishini ishga olamiz. Misol uchun, bir kunda biz 200−300 kg qulupnay yuvamiz, tozalaymiz, muzlatib qo‘yamiz.

Korxonada hisobchi va haydovchi ham ishlaydi.

loveco, pastila

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qiyinchiliklar va xatolar

Bizning biznesimizdagi asosiy qiyinchilik to‘g‘ri retseptni topish edi. Biz uzoq vaqt davomida turli xil variantlarni sinab ko‘rdik. Ta’mi yoki mahsulot turi bilan bog‘liq muammolar bor edi. Ammo oxir-oqibat, sinovlar va xatolar natijasida biz hozir mavjud bo‘lgan ideal holatga keldik.

Ishonchli yetkazib beruvchini topish qiyinchilik tug‘dirdi. Chunki kelishuvimiz bor, lekin ko‘rsatilgan kuni mevasiz qolib, yana o‘zimiz bozorga chiqishga majbur bo‘lgan holatlarimiz bo‘lgan. Shu bilan, bozorda meva sotib olayotganda, “qancha?” degan savolga, biz yuz kilogrammdan ko‘proq kerak deb javob berardik.

Sotuvchi do‘koningizga qancha kerak bo‘lsa, shuncha olib boraman, dedi. Shunday qilib, bizga omad kulib boqdi va biz mas’uliyatli yetkazib beruvchini topdik.

Rejalarimiz va tadbirkorlarga maslahatlar

Ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomatlashtirishni rejalashtirganmiz. Biz mahsulotlarni eksport qilish haqida o‘ylayapmiz, bu borada AQSh, Janubiy Koreya, Rossiyadan xaridorlar ko‘p.

Maslahatlar:

  1. Hech narsadan qo‘rqmang. Baribir xatolar bo‘ladi. Biznesda siz tavakkal qilishingiz va urinib ko‘rishingiz kerak, aks holda siz bu ish beradimi yoki yo‘qmi — hech qachon bilolmaysiz.
  2. Doimo hammasini tashlash istagi paydo bo‘ladi. Bizda ham shunday burilish nuqtasi bo‘lgan edi. Bunday vaqtda vaziyatni tahlil qilib olish juda muhim, ammo agar siz bu ishni chindan ham yaxshi ko‘rsangiz, uni tark eta olmaysiz. Boshlagan ishingizni oxiriga yetkazsangiz hammasi iziga tushib ketadi.

“Spot” “GroundZero Minorga intervyu uchun joy taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildiradi.