Joriy yilda O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida eksport hajmi $5 mlrd.ga yetkaziladi, deya xabar bermoqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati.

Jumladan, Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi tomonidan 2023-yilda sohani rivojlantirish uchun $300 mln imtiyozli mablag‘lar ajratilishi belgilangan.

Shundan $200 mln.i to‘qimachlik mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarning aylanma mablag‘larini to‘ldirishga, $100 mln.i esa gilamchilik va uy to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Eksport qilishda tashish xarajatlarining 70%ini kompensatsiyalash tartibi kengaytirilib, endilikda Yevropa davlatlariga qo‘shimcha ravishda Turkiya, Marokash, Shimoliy va Janubiy Amerika, Arab, Koreya va Yaponiya davlatlariga hamda tayyor mahsulotlar bilan birgalikda gazlama va trikotaj matolarga xam joriy qilinadi.

Buning natijasida joriy yilda 210 dan ortiq eksportchi korxonalar ushbu subsidiyalardan foydalanib $100 mlndan ortiq eksport amalga oshirilishi imkoniyati yaratildi.

Tashqi bozorlarda to‘qimachilik mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan yirik savdo omborlarini tashkil etish xarajatlari Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi.

Joriy yilda 10 ta (Germaniya, Italiya, Polsha, Rossiya, Portugaliya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Angliya, Marokash) davlatlarida O‘zbekiston to‘qimachilik xablarni tashkil etish orqali $200 mln.lik eksport amalga oshirish imkoni yaratiladi.

To‘qimachilik sohasini rivojlantirish

Avvalroq prezidentning paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, gazlama, trikotaj mato va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksport qiluvchi korxonalarni mablag‘ bilan ta’minlash uchun $200 mln miqdoridagi mablag‘lar 3 yil muddatga yillik 4% stavkada ajratiladi.

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalariga elektr energiyasi iste’moli uchun bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinadi.

Shunigdek, soha korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun 2023-yil 1-aprelgacha 2 yil muddatga $500 mln miqdorida xorijiy moliyaviy tashkilotlar mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari tomonidan xorijda savdo uyi va do‘konini tashkil etish uchun alohida qarorlarsiz yiliga $100 minggacha mablag‘ni chet elga o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Yil yakuniga qadar Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida to‘qimachilikka ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari hamda Toshkent viloyatida to‘qimachilik va charm sanoati mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan industrial texnopark tashkil etiladi.

Shu bilan birga, 2023-yil 1-aprelgacha talab yuqori bo‘lgan professional kasblar (tikuvchi, bichuvchi, yigiruvchi, mexanik) yo‘nalishida dual ta’lim tizimida mutaxassislar tayyorlash va xorijiy (Germaniya, Turkiya) ta’lim dasturlarini joriy qilish bo‘yicha pilot loyihalar Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Namanganda amalga oshiradi.

2023/2024 o‘quv yilidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida to‘qimachilik sanoatida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni (muhandis, texnolog, dizayner, marketolog) tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari to‘qimachilik sanoati tadbirkorlari uchun “Yagona darcha” tizimi ishga tushirilgandi.

Mazkur tizim orqali tadbirkorlar yagona darcha rejimida hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar bo‘yicha soha uyushmasiga murojaat qilishlari mumkin.

Xususan, eksportni rivojlantirish va kengaytirish, dizayn markazlari va yetkazib beruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda murojaatlar qabul qilinadi.

Shuningdek, ular “Yagona darcha” tizimida quyidagi masalalarda murojaat qilishi mumkin:

  • eksport faoliyatini rivojlantirish, yangi bozorlarni topish va sours kompaniyalar bilan hamkorlik;
  • korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish;
  • xalqaro dizayn markazlar bilan hamkorlik, modalar namoyishida ishtirok etish, yangi dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish;
  • xual ta’limni joriy qilish va kadrlarni malakasini baholash;
  • yangi investitsion loyihalarini shakllantirish va biznes reja tayyorlash;
  • tayer mahsulot ishlba chikaruvchilar uchun aylanma mablag‘lar ajratilishi;
  • eksport va logistika uchun subsidiya va kompensatsiyalarni olish, QQS qaytarish xizmati;
  • xalqaro va mahalliy ko‘rgazmalarda imtiyozli qatnashish;
  • marketing, SMM, Brending xizmatlari, xalqaro va mahalliy OAV bilan ishlash.

Yagona aloqa markaziga (+998) 71 202 22 44 (ichki 188, 189) telefon raqami orqali murojaat qilish mumkin.

Ishonch telefoni orqali tadbirkorlarning murojaat va takliflari ham qabul qilinadi.