“Uzbekistan GTL” zavodida raqamlashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatishni boshqarish tizimi (CMMS) joriy etildi, deya xabar bermoqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati.
“CMMS” tizimini joriy etish orqali “Uzbekistan GTL” zavodidagi 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasini, texnik xizmat ko‘rsatish va profilaktika ishlarini rejalashtirish, ta’mirlash talabnomalarini tayyorlash, inventarizatsiyani hisobga olish komponentlarini va materiallarni sotib olish bo‘yicha so‘rovlarni to‘liq avtomatlashtirishga va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini raqamlashtirishga erishildi.
Ushbu tizim Avstraliyada texnik xizmat ko‘rsatishni boshqarish tizimi bo‘yicha yetakchi “Maintenance Experts Pty Ltd” kompaniyasi tomonidan “Uzbekistan GTL” kompaniyasi biznes jarayonlari xususiyatlarini inobatga olgan holda ishlab chiqildi.
Dasturiy ta’minotni joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad texnologik qurilmalar va uskunlarning ekspluatatsiyasida muntazam profilaktik (priventiv) texnik ko‘riklar o‘tkazib borish orqali ishlab chiqarish jarayonlarini uzoq vaqt davomida to‘xtovsiz ishlashini ta’minlash va texnik xizmat ko‘rsatishni rejalashtirishda inson omilini minimallashtirishdir.
Mazkur tizim texnik xizmat ko‘rsatish jadvaliga muvofiq almashtirilishi yoki ishlatilishi kerak bo‘lgan ehtiyot qismlar, sarf materiallari hamda uskunalani hisobini avtomatik tarzda olib boradi.
Bunda mavjud omborda qoldiqlar, sotib olish zaruriyati va boshqa hisob yuritishlarini avtomatlashtirilgan holda olib boradi.
Ushbu tizim orqali uskunalarni ta’mirlash xarajatlarini kamaytirilishini, ishlarni reja asosida tashkil etishni va yuqori samaradorlikni amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Qurilma va uskunalar bo‘yicha ma’lumotlar bazasi kiberxavfsizlik talablariga to‘laqonli javob beradigan “Uzbekistan GTL” kompaniyasining serverlarida saqlanadi.
Avvalroq “Spot” “Uzbekistan GTL” zavodida tabiiy gazdan birinchi sintetik aviakerosin ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.