Germaniya kompaniyalari O‘zbekistonda shinalarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tizimini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda.
Bu haqda O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulligi diplomatlari bilan “Matteco GmbH” va “Selfus” kompaniyalari rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlangan, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.
Xususan, “Selfus” kompaniyasi rahbari Alek Luri qayta ishlangan shinalardan quyosh panellari, pol qoplamalari, tomchilatib sug‘orish shlanglari ostiga o‘rnatish va tuproq eroziyasidan himoya qilish uchun mo‘ljallangan tizimlarning bir qismi sifatida “geogridlar” ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkinligini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shinalarni yig‘ish va utilizatsiya qilish, mahsulotlarni qayta ishlash bo‘yicha to‘liq siklga ega bu turdagi qo‘shma korxonaning tashkil etilishi O‘zbekistonning ekologik holatini yaxshilashga imkon beradi.
Muzokaralar natijasida tomonlar ushbu loyihani O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Avvalroq, Misr kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqayotgani haqida xabar berilgandi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kimyo sanoati kabi sohalar bo‘yicha muhokamalar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.