Toshkent xalqaro aeroportining CIP-zali uchun to‘lovni Telegram-bot orqali amalga oshirish xizmati ishga tushirildi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.

Avval ishga tushirilgan, xalqaro va ichki parvozlarni kuzatish imkonini beruvchi @UzairportsBot Telegram-boti endi Toshkent aeroportining CIP-zali uchun to‘lovlarni qabul qiladi.

Telegram-boti orqali xizmatni xarid qilish uchun Toshkent aeroportini, keyin jo‘nab ketish terminalini va kerakli reysni tanlash kerak. Shundan so‘ng, bot familiya va ismni lotin tilida kiritishni so‘raydi.

Xizmat haqini Uzcard yoki Humo bank kartalari orqali to‘lash mumkin bo‘ladi. Hozircha bot orqali to‘lov faqat jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilar uchun amal qiladi.

Yaqin kelajakda Toshkent aeroportining CIP-zalida xizmatlari uchun toʻlovni qabul qilish funksiyasini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, avvalgidek, CIP-zal uchun to’lovni jo‘nab ketishdan oldin terminal kassalarida naqd milliy valyutada yoki Uzcard, Humo, Visa, Mastercard va boshqalar orqali to‘lash mumkin.

CIP-zal xizmati parvoz uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish, individual bortga chiqish taklifnomasi va samolyotga alohida eskort, WI-FI, hojatxona va dush, bolalar xonasi, shuningdek, gazaklar va ichimliklarni o‘z ichiga oladi.

Xizmat narxi kattalar uchun 650 ming so‘m, 2 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 50% chegirma mavjud, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa mutlaqo bepul.


Avvalroq “Spot” Toshkent xalqaro aeroportida aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasi ochilgani haqida yozgandi.

Mazkur hududda yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi CEIA skanerlari hamda tana skanerlari va rentgen jihozlari, shuningdek, steril zonasi o‘rnatilgan.