Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning “Anxoy Conch Sement” kompaniyasi vakili Chjao Veysyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligining matbuot xizmati.
Xitoy kompaniyasi vakillari viloyatga $200 mln miqdorida investitsiya kiritib, 200 gektar maydonda quyosh fotoelektr stansiyasini qurish loyihasini taklif etdi.
Yakunida investorlar tomonidan taklif qilingan loyihalar yuzasidan muzokara o‘tkazilib, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Avvalroq, mamlakatning “CEEC Energy China” kompaniyasi Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi ma’lum bo‘lgandi.
Stansiyalarning ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 2024-yilda esa to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Natijada yiliga 5,2 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,4 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilishi qayd etilgan.
Shuningdek, “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalari bilan Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi va quvvati 800 MVtga teng energiya saqlash tizimlari qurilihsi ma’lum bo‘lgandi.