Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning bank bilan hamkorlik portfeli $2 mlrdga yetdi.
Bank kambag‘allikka qarshi kurashish va qishloq joylarda ish o‘rinlarini yaratish, davlat-xususiy sheriklik va loyihalarni aralash tarzda moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni rivojlantirishga intilishi qayd etildi.
Shuningdek, mazkur bank prezidenti Szin Litsyunning Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan o‘tkazilgan uchrashuvida ham moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiya"ni imzoladi.
Unda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasida 2023−2026 yillar uchun uch yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqish belgilangan.
Dastur energetika, infratuzilmaviy rivojlanish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash sohalarida loyihalarni amalga oshirishni qamrab oladi.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistonda iqtisodiy boshqaruvni yaxshilashga $150 mln miqdorida qarz va $400 ming miqdorida grant ajratishi ma’lum bo‘lgandi.