Bunyodbek Abdurazzaqov o‘zining turli ixtirolari va loyihalari bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozongan.

U Andijon viloyati Asaka tumanida tug‘ilgan. Hozirda — 18 yoshda. Yosh bo‘lishiga qaramay robototexnika va dasturlash bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Hozirda Farg‘onadagi Koreya xalqaro universitetining Internet va axborot kommunikatsiyasi fakulteti talabasi.

Bunyodbekning hayratga soluvchi jihatlari ko‘p. Shu kungacha IT bo‘yicha turli tanlovlarda ishtirok etib, grantlarni qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, u “Smart turniket” loyihasi uchun 2021-yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.


Dasturlash — hayotimning bir bo‘lagi

Oilamizda barcha dasturlash bilan shug‘ullanganligi bois dasturlash hayotimning bir bo‘lagi bo‘lib kelgan.

Aniqroq aytadigan bo‘lsam, 4-sinfligimdan C++ dasturlash tilini o‘ganishni boshlaganman.

Undan keyin, 2020−2021-yillarda “Robocode Academy"da tahsil olganman. Dastlab robototexnika bo‘yicha, undan keyin esa dasturlash bo‘yicha o‘qiganman.

Hozirda C/C++, Pascal, Python, Javascript, HTML, CSS, Bootsrap, Django,Nodejs, SQL kabilardan foydalana olaman.

2021-yili “One Million Uzbek Coders” tanlovida 1-o‘rinni egallab, $1500 miqdorida pul mukofotini qo‘lga kiritganman.

O‘tgan yili esa Koreya xalqaro universiteti tomonidan o‘tkazilgan IT bo‘yicha olimpiyadada ham g‘olib bo‘lib, mazkur universitetda grant asosida o‘qish imkonini beruvchi $12 800 grant sertifikatini qo‘lga kiritdim.

Yana bir yirik yutug‘im — bu 2021-yili “Smart turniket” loyiham uchun 30-iyun — Yoshlar kunida “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganman.

17 yoshda ixtiro qilingan turniket

Men Robototexnika va Backendni birlashtirgan holda turli loyihalar yarataman. Masalan, “Smart Turniket” dasturini yaratganman.

U allaqachon amaliyotda ham tatbiq etilmoqda, ya’ni dastur viloyatdagi 21 ta maktabda ishlab turibdi.

Loyihaga kelsak, aslida uni tanlov uchun yaratgandim. Menga ikki kun muddat berildi va bu ikki kunda loyihamni taqdim etishim kerak edi. Shunda turniket loyihasini ishlab chiqaman deganman.

Shu bilan berilgan 48 soatning 46 soatini dam olish bilan o‘tkazib, qolgan ikki soatida “Smart Turniket"ni yaratganman.

bunyodbek abdurazzaqov, dasturlash, it-mutaxassislar

Foto: Bunyodbek Abdurazzaqovning shaxsiy arxividan

Mazkur turniketning vazifasi shundan iboratki, xodim ishga kelganida yoki o‘quvchi o‘qishga kelganida Telegram-bot orqali rahbarga yoki ota-onaga xabar jo‘natiladi va rasmni ham joylab qo‘yadi.

Shuningdek, ma’lumotlar “Excell"ga ham yozib boriladi. Bunda kirgan va chiqqan odamlarning ma’lumotlari millisekundigacha yozib boriladi va olingan rasm joylashgan manzil ham kiritiladi.

Bu kabi qurilmalarning tayyor bo‘lishiga chet elda 45−50 mln so‘mgacha sarflanadi. Men ixtiro qilgan turniketni yaratishda esa oddiy qurilmalardan foydalanganim evaziga bor-yo‘g‘i 40−50 ming so‘m ishlatiladi.

Shuningdek, turniketning yangi QR kodli versiyasini ham ishlab chiqqanman. Bu orqali barcha tashkilot va maktablar bitta tizimda bo‘ladi. Uni global miqyosda ham ishlash mumkin.

Ya’ni butunboshli dunyodagi barcha ma’lumotlar bitta serverda joylashgan bo‘ladi.

Bunda QR kodni kameraga ko‘rsatish orqali xodim yoki o‘quvchining ism-familyasi aniqlanadi va Telegram-botga jo‘natiladi.

To‘rt oyda yaratilgan dastur

Eng katta loyiham bu “Sarson” dasturi hisoblanadi. Bu kafe va restoranlar uchun yaratilgan, ya’ni POS system hisoblanadi.

Bu dasturning 1-versiyasini yaratishim uchun 4 oy vaqtim ketgan. U kompyuter va telefonlar orqali foydalanishga mo‘ljallangan va restoran hamda kafelarning hisob-kitobini yuritishga yordam beradi.

Ya’ni dastur ofitsiantlarning ishini osonlashtirib, rahbarlarga hisobotni qulay tarzda yetkazib beradi.

Barcha joyda ofitsianlar buyurtmalarni qo‘llariga qog‘oz ruchka olib yozib, keyin oshxonaga olib borishadi.

Biroq mening dasturim orqali bu jarayon raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi. Masalan telefondan buyurtma berilganida restoranda chek chiqadi va buyurtmaning nechanchi stolda ekanligi hamda qaysi xodim nomidan berilgani keltirilgan bo‘ladi.

Bu kabi loyihalarim juda ko‘p. Masalan, “QRerp” — maktab va tashkilotlar uchun kelish-ketish dasturi, “Dehqonbozori” — onlayn market kabni loyihalarni ham amalga oshirganman.

$1500 gacha daromad

Bugungi kunda oylik daromadim $500 dan $1500 gacha. Umuman, dasturlash bilan shug‘ullanuvchilar oyiga $3000 gacha va undan ko‘p ham daromad qilishi mumkin.

Sohaga bo‘lgan talabning oshishi, shunga yarasha, taklif ya’ni daromadga qiziqqanidan o‘rganuvchilar sonining keskin ko‘tarilib ketishiga ham olib kelmoqda.

Lekin daromad ortidan quvib, dasturlashni o‘rganganlarning ko‘pchiligi tekinga ishlashni ya’ni amaliyot qilishni istashmaydi. Bu esa yetarli bo‘lmagan tajribani keltirib chiqaradi.

Bu toifadagi o‘rganuvchilar dasturlashning ma’lum bir cho‘qqisiga yetmasidan moddiy foyda ko‘rmaganliklari uchun qiziqishi so‘nib bu sohadan chiqib ketmoqda.

Bu esa IT ish bozorida sifatsiz kadrlar ko‘lamini ko‘paytirmoqda.

bunyodbek abdurazzaqov, dasturlash, it-mutaxassislar

Foto: Bunyodbek Abdurazzaqovning shaxsiy arxividan

Dasturlash faqat aqliy mehnat talab qilgani uchun bunday insonlar jismoniy kuch ishlatmaydi va har xil kasalliklar kelib chiqishining oldini oladi.

To‘g‘ri, ba’zan charchash va zo‘riqish mumkin, lekin IT shunday sohaki, uydan chiqmasdan onlayn faoliyat yuritish, xatto o‘rnidan turmasdan biron bir joyda ishlash mumkin.

Bu sohada faoliyat yuritishni istaganlar hech qachon o‘ganishdan to‘xtamasligi, faqatgina o‘rganib amaliyot qilish kerakligini unutib qo‘ymasliklari kerak, deb o‘ylayman.

Bundan tashqari, “zakaz bo‘lsa” qilib beraveraman deb mayda narsalarni amaliyot qilishdan bosh tortmaslikni maslahat bergan bo‘lar edim.


Avvalroq “Spot” oyiga $1000 gacha topayotgan 17 yoshli andijonlik IT-mutaxassis Muhammadjon Qobuljonov hikoyasini taqdim etgandi. U 13 yoshida dasturlashga kirib kelgan, hozir esa o‘quv markazida IT bo‘yicha ta’lim bermoqda.