O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.
Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg xonim bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.
Unda mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, turizm, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar mamlakatlar o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish hamda milliy tashuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tashkil etish orqali yo‘lovchi va yuk tashuvlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Bu bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha tomonlar “tezkor choralar ko‘rilishini” ta’kidlagan.
Mamlakatlarning transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligi hamda imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olindi.
2022-yilning oxirida Turkiya-Eron-Turkmaniston-O‘zbekiston temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashuvlari boshlangandi. Bu O‘zbekiston yuklarini xalqaro yo‘nalishlarda tashish uchun qo‘shimcha imkoniyat hisoblanadi.