Ayrim ommaviy axborot vositalarida “Renault” kompaniyasi yetkazib berishdagi qiyinchiliklar tufayli O‘zbekiston bozorini tark etgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. “Spot” distribyutor “Roodell Group"dan izoh so‘radi.

Kompaniya fransuz markasidagi avtomobillarni hamda ular uchun butlovchi qismlarni mamlakatga olib kirishda qiyinchiliklar mavjudligi faktini tasdiqladi. Shunga qaramay, u mahalliy bozorda “Renault” brendini namoyish etishda davom etmoqda.

“Biz „Renault“ kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori bo‘lishda davom etamiz. Shuningdek, barcha rasman sotib olingan avtomobillar uchun kafolatli xizmat ko‘rsatishda davom etamiz”, — deyiladi “Roodell Group” xabarida.

Komponentlarni yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli yangi mashinalarni yig‘ish vaqtincha to‘xtatildi. Diler avvalroq “Jizzax ADM"da yig‘ilgan avtomobillar zaxirasini omborlardan sotadi.

“Roodell” barcha butlovchi qismlar va ehtiyot qismlarni Fransiyadagi ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida oladi.

Biroq so‘nggi oylarda ularni O‘zbekistonga yetkazish jarayonida siyosiy vaziyat tufayli logistika qiyinchiliklari yuzaga kelgan.

Endi “Renault” qismlarini tashish harbiy mojaroda ishtirok etgan mamlakatlarni chetlab o‘tib, murakkab marshrut bo‘ylab tashkil etilgan. Masofaning ortishi tufayli tovarlar belgilangan manzilga kutilganidan ancha kech yetib boradi.

Renaultning O‘zbekistonga kirib kelishi

Fransiya kompaniyasining O‘zbekistonda yig‘ish ishlab chiqarishi tashkil etilishi haqidagi ilk xabarlar 2020-yil oxirida paydo bo‘lgandi.

Buning uchun “Jizzax EIZ"dagi “Jizzax ADM “zavodi tanlandi — bu yerda “Renault"dan tashqari “Kia” va “LADA” ishlab chiqariladi.

“Renault"ning O‘zbekiston avtomobil bozoriga kirishi haqidagi rasmiy e’lon 2021-yil oktabr oyida ma’lum qilingandi.

Kompaniya mahalliy hamkor sifatida “Roodell Group"ni tanladi. Fransuz brendining birinchi avtomobillari o‘sha yilning noyabr oyi o‘rtalaridan boshlab sotuvga chiqarildi.

2022-yil mart oyida, Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng, “Renault” Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi. Keyinchalik kompaniya Rossiya bozoridan chiqishini e’lon qildi va o‘z aktivlarini davlat idoralariga o‘tkazishga rozi bo‘ldi.


Avvalroq “Spot” “Asaka Motors” O‘zbekistonda “Exeed” avtomobillarini sinovdan o‘tkazish maxsus joy ochilgani haqida yozgandi.