O‘zbekiston va Avstriya mehnat migrantlarini tayyorlash va malakasini oshirish markazini ochishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Avstriyaning “eee Austria” kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda ta’kidlandi, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.
Tomonlar “Monomarkazlarni modernizatsiya qilish hamda mahalliy va Avstriya mehnat bozori uchun mehnat muhojirlarini tayyorlashda kasb-hunar ta’limi dasturlarini izchil tadbiq etish” loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi.
Muzokaralar doirasida fuqarolarning Avstriya hamda Germaniya mehnat bozorlarida ishga joylashishlari uchun mehnat migrantlarini tayyorlash va malakasini oshirish markazi tuzish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Avvalroq, Germaniyada ishlash istagidagi o‘zbekistonliklardan “Ausbildung” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.