Shavkat Mirziyoyev qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Taqdimotda Yangi Toshkent shaharchasi loyihasi haqida axborot berildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
Shundan kelib chiqib, qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yo‘llar sxemalari ishlab chiqilgan.
Shaharcha yangi ma’muriy va iqtisodiy markaz bo‘lishi hamda poytaxtning sharqiy qismida, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlari hududida barpo etilishi hamda 800 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘lishi ta’kidlandi.
Shaharchada vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari, teatr, kutubxona, mehmonxonalar, turar joy binolari, bog‘lar o‘rin oladi.
Xususan, yashil hududlar 363 gektarni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.
Undan keyingi masala O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi “G‘ishtko‘prik” bojxona posti haqida bo‘ldi. Mazkur bojxona posti uchun yangi majmua barpo etish rejalashtirilgan.
Yangi terminal, avtomobil yo‘li, avtoturargoh, oshxona, tibbiyot xonasi, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari barpo etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Prezident majmuada yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratish, bojxona nazorati va yuklarni o‘tkazish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
2022-yilning oktabr oyida davlat rahbari Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi.
Mazkur loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etish hamda Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarda ham loyihalashtirish markazlarini ochish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.
Joriy yil boshida Yangi Toshkentning birinchi bosqich bosh rejasi mamlakat kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilishi ma’lum bo‘lgandi.
Fevral oyiga kelib esa, prezident shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishini qayd etdi.