Yil boshida Singapurning “Meinhardt group” kompaniyasi bilan shaharsozlik va sanoat sohalaridagi loyihalarni joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyiha-injiniring markazini tashkil etishi haqida xabar berilgandi.
Markaz tomonidan “Yangi Toshkent” shahrining birinchi bosqich bosh rejasi ishlab chiqilishi belgilangan.
Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov Singapurning “Meinhardt Group” bosh direktori Omar Shahzad boshchiligidagi kompaniya mutasaddilari bilan uchrashdi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda “Yangi Toshkent” loyihasining konsepsiyasini va bosh rejasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilinib, loyiha ko‘lami va amalga oshirish bosqichlari borasida fikr almashildi.
Omar Shahzad “Yangi Toshkent” konsepsiyasi va bosh rejasini ishlab chiqish hamda uni Toshkentning mavjud loyihasi bilan integratsiya qilish 4 bosqichda amalga oshirilishini, dastlabki ikki bosqichga o‘rtacha 9 oy talab etilishini bildirdi.
Shundan so‘ng loyiha investorlarga taqdim etilishi va ularning talab hamda takliflaridan kelib chiqib, o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini qayd etdi.
Tomonlar loyiha doirasidagi uchrashuv va amaliy muloqotlar davom etishini bildirdi.
2022-yilning oktabr oyida davlat rahbari Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi.
Mazkur loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etish hamda Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Namangan kabi boshqa shaharlarda ham loyihalashtirish markazlarini ochish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.
Avvalroq, prezident “Yangi Toshkent” shaharchasi loyihasi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.