PMTI ekspertlari O‘zbekistonda insonlarning hayot sikli davomida iste’mol xarajatlari, daromadlarining o‘zgarish xususiyatlari va qarz munosabatlariga kirishish holatini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi.

Xususan, insonlarning daromadlari 30 yoshgacha tezlik bilan o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30−50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi.

Bu o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zaruratining mavjudligini bildiradi.

O‘zbekistonda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov (450 kishi) natijalariga ko‘ra, yosh oilalar (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 38 yosh) boshqa oilalarga nisbatan (oila boquvchisi yoshi o‘rtacha 49 yosh) daromadining ko‘proq qismini qarz to‘lashga sarflayotganini ma’lum qilgan.

Bunda, respondentlarning 18%i maishiy texnika, 22%i uy-joy, 13%i avtomobil, 10%i o‘qish shartnoma to‘lovi, 11%i telefon uchun qarz olganligi ma’lum bo‘ldi.

Qolgan 34% respondentlar qarzi yo‘qligini bildirgan. Shundan, 18% respondentlarda o‘z jamg‘armalari mavjud.

So‘rovnoma natijalari bo‘yicha aholining 10%i muddatli tijorat do‘konlaridan muddatli to‘lovga qarz olishni (10%i bank kreditini, qolganlar o‘z va yaqinlarining mablag‘i bo‘lishini) afzal ko‘rishini inobatga olib, O‘zbekistonda ommalashayotgan muddatli to‘lovga uy jihozlarini taklif etish bozori o‘rganildi.

Bunda eng ommabop 13 ta internet do‘konlaridagi talab yuqori bo‘lgan bir xil rusumdagi smartfon, muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar muddatli to‘lov narxlari tahlil qilindi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2022-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 309 ta mobil telefon, 115 ta muzlatgich, 171 ta televizor va 45 ta konditsioner to‘g‘ri kelgan.

Natijalarga ko‘ra, tanlangan bir xil rusumdagi telefon narxi o‘rtacha 4,8 mln so‘m, muzlatgich 8,1 mln so‘m, televizor 6,8 mln so‘m va konditsioner 6,1 mln so‘mdan sotilayotganligi aniqlandi.

Aynan mazkur tovarlar do‘konlar tomonidan 12 oyga muddatli to‘lov orqali yillik stavkasi o‘rtacha 70%dan 77%gacha xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Solishtirish uchun, Tijorat banklari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq ajratilayotgan iste’mol krediti stavkalari 17%dan 38%gachani tashkil etmoqda.

Ushbu bozorlarda narxlar va muddatli foiz to‘lovlari o‘rtasidagi katta tafovut bir tomondan, aholi orasida ma’lumotlarning notekis taqsimlanganligi (information asymmetry) hamda ularning moliyaviy savodxonligini yanada yaxshilash bo‘yicha tadbirlarga ehtiyoj borligini ko‘rsatadi.

Ikkinchi tomondan, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyati cheklangan norasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan aholi muddatli to‘lov bozoridan ko‘proq foydalangan bo‘lishi mumkin.

Individual moliyaviy intizom (kredit tarixiga yoshlikdan e’tiborli bo‘lish) va rasmiy iqtisodiyotda faoliyat yuritish iste’molchini bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laqonli bahramand bo‘lishi va samaraliroq foydalana olish ehtimolligini oshiradi.


Avvalroq, O‘zbekiston hududlarining Iqtisodiy faollik barometri tahlil qilingandi.