Transport vaziri Ilhom Mahkamov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi transport va kommunikatsiyalar agentligi raisi Mammetxan Chakiyev bilan transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, tomonlar yuk tashuvlari jarayonida vujudga kelayotgan ayrim qiyinchiliklarni bartaraf etish orqali transport-tranzit aloqalarini kenagaytirish yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, yuk tashuvlari jarayonini tezlashtirish maqsadida chegara operatsiyalarini osonlashtirish uchun tarif va bojlarni unifikatsiya qilish va uyg‘unlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tomon avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishda ruxsatnoma blankalarini elektron tarzda almashishni nazarda tutuvchi E-Permit raqamli tizimiga o‘tish taklifini bildirdi.

Shuningdek, muzokaralar davomida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron transport yo‘lagini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ham ko‘rib chiqildi.

Yakunda yangi transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga kelishildi.

2022-yilning avgust oyida O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron xalqaro transport va tranzit yo‘lagi tashkil etish orqali yuklarni Turkiyaga (Van ko‘li orqali) intermodal tashuvlarini yo‘lga qo‘yishga kelishilgandi.

Bundan tashqari, avtomobil tashuvlarida undiriladigan yig‘imlar qisqartirilib, mamlakat haydovchilariga Turkmaniston vizasini olish tartibi soddalashtiriladi.


Avvalroq, Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara punktida elektron navbat tizimini joriy etishi haqida xabar berilgandi.