Joriy yilning fevral oyida soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,9%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Spot"ga ma’lum qildi.
Xususan, soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi Jizzax (39,5%), Toshkent (25,7%), Navoiy (23,4%), Samarqand (22,3%) va Andijon (19,4%) viloyatlarida, Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda (21%) va Toshkent shahrida (26,9%) kuzatilgan.
Bundan tashqari, soliq tushumlari manbalari bo‘yicha QQS 15%, daromad solig‘i tushumlari 24%, mol-mulk solig‘i 31% hamda yer solig‘i 31%ga oshdi hamda ko‘rsatkich oy oxirigacha o‘sishni saqlab qolgan.
Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2022-yilning shu davriga nisbatan 22,4%ga oshdi.
Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Surxondaryo (47,3,9%), Samarqand (39%) hamda Toshkent (25,9%) kabilarda kuzatildi.
O‘sish asosan tovarlar turlari bo‘yicha import hajmining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 26%ga oshgani, transport uskunalari va butlovchi qismlari, texnik asbob-uskunalari, elektrotexnika va uning butlovchi qismlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq.
28-fevralga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1%ga oshgan. Eksportning o‘sishi Navoiy (129%), Andijon (46,9%), Sirdaryo (43,9%), Xorazm (38,0%) va Qashqadaryo (10,4%) viloyatlarida hamda poytaxtda (3,5%) kuzatilgan.
Bunga esa oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat tovarlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari ta’sir qilgan.
Eksportning qisqarishi Farg‘ona (24,2%), Buxoro (20,3%), Toshkent (16,2%), Jizzax (12,9%), Samarqand (7,9%), Surxondaryo (7,4%) va Namangan (4,4) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (14,9%) qayd etildi.
Bu davrda kreditlar berish hajmi Jizzax (122,6%), Sirdaryo (50,7%), Xorazm (45,9%), Qashqadaryo (38,5%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (74,9%) sezilarli sezilarli darajada oshgan.
Yanvar oyida soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,3%ga oshgandi.