Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Turkiyaning “Chengiz Enerji” kompaniyasi ijrochi direktori Ahmet Cengiz bilan uchrashdi.
Tomonlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar natijasida erishilgan yutuqlarni hamda mamlakat energetika sohasini rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Xususan, 2022-yil iyun oyida Toshkent viloyatida 240 MVt va Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalarini ishga tushirilganligi qayd etildi.
Turkiya kompaniyasi rahbari birgalikda va hamjihatlikda olib borilgan ishlarning muvaffaqiyatini ta’kidlab, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Shu tariqa, Jizzaxda quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini ishga tushirish loyihasi taklif etildi.
Ushbu tashabbus yiliga 286 mln kub metr gazni tejash imkonini beradi, bu esa pulga hisoblaganda $103 mln.ga teng.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yangi loyihani amalga oshirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formati bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningek vazir Laziz Kudratov Qatarning “Nebras Power” kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Faysal Obayd al-Siddiqiy bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 3,1 GVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni tayyorlash jarayonini ko‘rib chiqdi.
“Chengiz Enerji” 2000-yilda tashkil etilgan Turkiya kompaniyasi elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash, tabiiy gaz savdosi va taqsimoti, tabiiy gazda ishlaydigan kombinatsiyalashgan elektr stansiyalarini qurish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.
"Nebras Power" kompaniyasi 2014-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Dohada (Qatar) joylashgan. Kompaniya energetika va suv sanoatida loyihalarni amalga oshirib keladi. Kompaniya dunyoning 8 dan ortiq mamlakatlarida faoliyatini olib boradi.
Avvalroq “Spot” joriy yilda O‘zbekistonda 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.