So‘nggi kunlarda “Telegram” foydalanuvchilarining shaxsiy akkauntlari orqali turli soxta xabarlar tarqalmoqda.
Ayrimlarida qandaydir so‘rovnoma uchun ovoz berishga yordam so‘ralsa, ayrimlarida davlat tomonidan pul ajratilayotgani haqida aytiladi.
Biroq bu kabi xabarlar foydalanuvchilarning nomidan, ularning “Telegram” akkauntlari buzib kirilishi oqibatida tarqalmoqda.
Natijada ko‘pchilik foydalanuvchilar akkauntlari begona qo‘llarga o‘tib qolmoqda. Ular esa bu kabi soxta havolalar bilan yana boshqa foydalanuvchiar akkauntlariga ega bo‘lishmoqda.
Bu kabi holatlarga duch kelmaslik uchun shu mazmundagi xabarlarga javob bermaslik va tarqatmaslik, havolalarni esa ochmaslik zarur.
Shuningdek, “Telegram” hisobning xavfsizligini ta’minlash uchun ikki bosqichli autentifikatsiyani faollashtirish zarur.
Buni qanday amalga oshirish mumkin?
1. “Sozlamalar"dagi “Maxfiylik va xavfsizlik” bo‘limidan “Ikki bosqichli tekshiruv"ni tanlaysiz
Ikki bosqichli tekshiruv orqali qurilmada hisobga kirilganida SMS orqali olinadigan kodga qo‘shimcha parol ham terib kirish mumkin bo‘ladi.
2. Parolni yaratish
Bu bosqichda yangi parolni o‘rnatish kerak.
3. Parolga ishora
Keyingi bosqichda parol ishorasini ya’ni o‘zingiz uchun belgi beruvchi biron so‘zni yozib ketishinigiz yoki bu bosqichni o‘tkazib yuborsangiz ham bo‘ladi.
4. Elektron pochtani kiritish
Navbatdagi qadamda elektron pochtani kiritish yoki uni o‘tkazib yuborish mumkin. Elektron pochta sizga parolni unutgan vaqtingizda uni tiklash uchun kerak bo‘ladi.
5. Yakunlash
Elektron pochtaga tasdiqlash uchun kod jo‘natiladi hamda uni kiritib jarayonni yakunlaysiz.
Qarabsizki, sizning akkauntingiz har qanday buzib kirishlar uchun himoyalanadi.
Shuningdek, “Sozlamalar"dan “Qurilmalar” bo‘limiga o‘tganda, o‘zingiz foydalanmayotgan boshqa seanslarni o‘chirishingiz mumkin.
Ya’ni boshqa qurilmalarda mavjud akkauntlar chiqarib yuboriladi.
Yuqoridagi holat bo‘yicha Kiberxavfsizlik markazi ham ogohlantirish bilan chiqib, “Telegram” akkauntlarni shu tariqa himoya qilib qo‘yish kerakligini ta’kidladi.
Avvalroq, “Spot” onlayn firibgarlikning turlari va ulardan qanday himoyalanish kerakligi haqida ham yozgandi.
Firibgarlar foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi natijasida ulardan foydalanib mobil ilovalarni ruxsatsiz boshqarish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.
Bu kabi holatlarning oldini olish uchun quyidagilarni ham amalga oshirish zarur:
- e’lonlardagi har qanday aksiyalar, pul yutuqlari hamda boshqa takliflarni tashkilotlarning rasmiy veb-sahifasidan qayta tekshirish;
- saytning rasmiyligiga ishonch hosil qilmasdan ularga o‘z shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik;
- ijtimoiy tarmoq hamda messenjerlarda tarqatilayotgan, aksiya va yutuqli lotereya o‘yinlari to‘g‘risidagi reklamalar keltirilgan havolalarni tekshirmasdan oldin ochmaslik;
- rasmiy emas havolalarni boshqalarga tarqatmaslik.