Bosh prokuratura tomonidan energiya resurslarining talon-toroj qilinishini oldini olish va aniqlashga qaratilgan Telegram-bot ishga tushdi. Bu haqda Bosh prokuraturaning matbuot xizmati xabar berdi.
U orqali aholi yashash hududida energetika sohasiga oid qonun buzilishiga guvoh bo‘lsa, bu haqda mazkur Telegram-bot orqali xabar yo‘llashi mumkin.
Buning uchun noqonuniy holatni suratga olib, bot orqali obyekt joylashgan hudud manzilini yozib jo‘natish kerak.
Maxsus Telegram-botga kelib tushgan ma’lumot prokuratura organlarida tashkil qilingan ishchi guruhga avtomatik tarzda kelib tushadi.
Ishchi guruh har bir ma’lumotni o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha qonuniy chora ko‘radi.
Telegram-botdan havola orqali foydalanish mumkin.
Fevral oyida yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazoratini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, elektr energiyasi, gaz hamda vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish orqali talon-taroj qilish holatlarini o‘g‘rilik jinoyati sifatida belgilash tartibi kiritilgan.
Shuningdek, “O‘zenergoinspeksiya"ga elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish (mansabdor shaxslarga nisbatan) vakolati beriladi.
Yanvar oyida davlat rahbari energiya resurslari ta’minoti bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda sohalar hamda hudud rahbarlarini tanqid qilgandi. Shuningdek, “gaz zapravkalari"dagi o‘g‘irliklar bo‘yicha tartib o‘rnatilishini belgiladi.