Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Koreyaning “Posco Group” korporatsiyasi raisining o‘rinbosari Tak Zhong bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Unda Farg‘ona viloyatidagi to‘qimachilik klasteri faoliyatini kengaytirish, yangi paxta tozalash zavodini qurish masalalari muhokama qilingan.

Shuningdek, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha ham muzokaralar olib borildi.

Korporatsiya Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi klasterlar yaratish orqali O‘zbekistondagi investitsiya portfelining hajmini oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama muntazam uchrashuvlar amaliyotini davom ettirishga kelishdi.

Posco Group” Koreyaning metallurgiya, energetika, kimyo va to‘qimachilik sanoati sohalarida ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan konglomerat hisoblanadi. Korporatsiyaning yillik aylanmasi $69 mlrd.ni tashkil etadi.

“Posco Group” kompaniyalaridan biri — “Posco International Textile” 1996-yildan buyon O‘zbekistonda faoliyat yuritib, Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida 3 ta yigiruv va 2 ta trikotaj fabrikalarini boshqaradi.

Avvalroq, Misr kompaniyalari O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqayotgani xabar berilgandi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, kimyo sanoati kabi sohalar bo‘yicha muhokamalar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishilgan.