Qozog‘istonning “KazTransOil” kompaniyasi 2023-yilda O‘zbekistonga 250 ming tonna Rossiya neftini tranzit qilishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
Qozog‘iston Energetika vazirligi tomonidan tasdiqlangan neft yetkazib berish jadvaliga muvofiq, mart oyida “KazTransOil” “Omsk-Pavlodar-Chimkent-Shag‘ir neft yuklash stend” yo‘nalishi bo‘yicha 25 ming tonna Rossiya neftini mamlakat orqali O‘zbekistonga tashishni rejalashtirmoqda.
“2023-yilda „KazTransOil“ magistral neft quvurlari tizimi orqali O‘zbekistonga Rossiya nefti tranzitining kutilayotgan hajmi 250 ming tonnani tashkil etadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
2022-yil dekabr oyida Qozog‘iston O‘zbekiston energetika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishgandi.
Xususan, 2023-yilda O‘zbekistonga 300 ming tonna Qozog‘iston nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha qiymati $150 mln.lik kelishuv amalga oshirildi. Mazkur kelishuv doirasida neft yetkazib berish hajmini yiliga 3 mln tonnaga yetkazish belgilangan.
Undan keyingi kelishuv 2023-yilda 300 ming tonna Rossiya neftining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish bo‘lib, loyiha qiymati $9 mln.ni tashkil etadi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvlar tabiiy gazning o‘zaro tranzitini amalga oshirish, mavjud yer osti gaz omborlarini modernizatsiya qilish va yangilarini qurish hamda gaz uzatish tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
“KazTransOil” magistral neft quvurining milliy operatori hisoblanib, “KazMunayGaz” guruhiga kiritilgan. U uzunligi 5,4 ming km bo‘lgan ko‘p tarmoqli magistral neft quvurlari tarmog‘iga ega.