Markaziy bank boshqaruvi qaroriga asosan, asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 14% darajasida belgiladi.
Bu esa inflyatsiya prognozining pasayuvchi dinamikasida (8,5−9,5%) nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlar saqlanib qolinishini ta’minlashi qayd etilgan.
Pul-kredit siyosatini yumshatish iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan, deya ta’kidlaydi regulyator.
Markaziy bankni bunday qadam tashlashga “qattiq tashqi moliyaviy sharoitlarning O‘zbekiston ichki bozoriga salbiy ta’siri signallari” sabab bo‘ldi.
Shuningdek, mamlakat ichidagi narxlar o‘sishining sekinlashishi qayd etilgan. Yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya darajasi 12,2% atrofida barqarorlashdi.
Bazaviy inflyatsiya esa 2022-yildagi 13,8% dan fevral oyi oxirida 13,2% gacha pasayishni boshladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgani bilan, ushbu sohadagi o‘sish sur’atlari boshqa sohalardan yuqori bo‘lmoqda.
Xatarlarning vaqtinchalik xususiyati va o‘z vaqtida ko‘rilgan choralarni hisobga olganda, birinchi yarim yillik yakuniga borib iqtisodiy faollikning muvozanatlashuvi va tarmoq ko‘rsatkichlarining tiklanishi kutilmoqda.
Umuman, kelgusi harakatlar inflyatsiya darajasi prognoz koridori doirasida shakllanishiga, o‘rta muddatli maqsadli ko‘rsatkichga erishishga hamda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilishi ta’kidlangan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, asosiy stavkaning 14 foizgacha pasaygani narxi ma’muriy boshqariladigan imkonli ipoteka stavkalarida ham hozircha o‘zgarish yasamaydi.
Chunki o‘tgan yili 18-martda asosiy stavka 17%gacha ko‘tarilgan vaqtda imkonli ipoteka bo‘yicha stavkalar 14%ga bog‘langan holda qoldirilgandi.
Iqtisodchining fikricha, oilaviy tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar, turli qarorlar doirasidagi pul o‘zlashtiradigan dasturlar va ta’lim kreditlari bo‘yicha shartnomaviy stavkalar pasayadi.
Bundan tashqari, risk shkalalaridagi o‘zgarishlar ham stavkalarni pasayishga rag‘bat bermaydi.
Masalan, tijoriy ipoteka va tijoriy avtokreditlar stavkalarida sekin asta pasayish kuzatilishi mumkin. Lekin bu asosiy stavka pasayishi tufayli emas, mazkur segmentda kuchayib borayotgan ochiq raqobat tufayli yuz beradi.
Aholi omonatlari bo‘yicha stavkalarda asosiy o‘yinchi bo‘lgan banklarda stavka deyarli o‘zgarishsiz saqlanadi. Omonatlar juda ko‘p bozor ishtirokchilari uchun yagona resurs manbasi bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan u.
Taklifni davlat korxonalari belgilaydigan korporativ depozitlar sektorida asosiy stavkaning pasayishi nominal stavkani pasaytirgani bilan, korrupsion marjani odatda oshiradi.