Nodir Mahmudov 31 yoshda. Toshkent shahrida tug‘ilgan. U umumiy ovqatlanish sohasining ichida yurib, o‘rganib, katta bo‘ladi.

Hali maktabda o‘qib yurgan Nodir mahalladagi kafening bosh oshpaziga shogirdlikka tushadi.

Litseyga o‘tgandan keyin Toshkentdagi birinchi fast food’lardan biri “Drujba burger"da Nodir Shodimetov, Alisher Hikmatov qo‘llarida ishlaydi.

Shu shu uning bu sohaga mehri bo‘lakcha. Universitetga kirgach, ancha tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor mustaqil loyiha boshlashga qaror qiladi.

Hozirda uning ikkitadan filiallarga ega “China Shashlik” va “Mahmood kabob” restoranlari bor. Barchasi esa ijaraga olingan kichik furgondan boshlangan.

Intervyuning matnli versiyasi qisqartirilgan shaklda taqdim etilgan:



Nodir, aytingchi, “China Shashlik”, “Mahmood kabob” shu darajaga yetib kelgunigacha aynan qaysi nuqtadan boshlagansiz?

Faoliyatimni “China shashlik"dan boshlaganman. Uni ochish fikri esa Xitoyning Guanjou shahridaligimda kelgan. U yerda uyg‘urlarning cho‘pda taom tayyorlashini ko‘rib, shu g‘oya paydo bo‘lgan.

O‘zbekistonga qaytganimdan keyin, 2019 yilning oxirida kichkina joyda besh, oltita stol bilan shashlik tayyorlashni boshlaganmiz. Ishimiz yurishib, fudtrakda boshlangan loyihamiz mustaqil ikki restorangacha o‘sdi.

Oradan biroz vaqt o‘tgach, 2021-yilda “Mahmood kabob"ni ochdik. Bunda asosiy maqsad odamlarga fasd food’ning o‘rniga yangicha mahsulot yetkazib berish bo‘lgan. Retsept ustida ishlashga taxminan bir yil ketgan. Bunda Turkiyadagi oshpazlar bilan maslahatlashilgan holda tayyorlangan.

Biznesingiz keygaygach, go‘shtlar “marinovka"lanadigan sex ochdingiz.

Ha, u yerda to‘rtta filialimiz uchun ham mahsulotlar yarim tayyor holida yetkazilib beriladi. Kuniga 300−350 kg miqdorida go‘sht mahsuloti tarqatiladi. Retseptlar maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, katta oshpazlar tomonidan tayyorlanadi.

Filiallarimiz ko‘paygani sari tabiiyki, sexdagi jarayonlar ham ko‘payadi. Shuning uchun kelajakda uni kattalashtirish, iloji boricha sexgacha bo‘lgan go‘sht mahsulotlarini, ya’ni fermalarni o‘zimiz tashkillashtirishni niyat qilganmiz.

Biznesga qancha mablag‘ bilan qadam qo‘ydingiz?

Loyihani boshlashga katta mablag‘ ketmagan. Ijaraga furgon olib, uni taxminan $8000 ga jihozladik. “Mahmood kabob"ga ham $15−17000 miqdorida pul sarflangan.

Boshida, oddiy o‘n ikki metrlik konteynerni ta’mirdan chiqarib, ichida tandir qurib, shundan boshlaganmiz. Keyinchalik, hozirgi ko‘rinishiga kelgan.

Sexga esa uni ta’mirlash, jihoz, texnikalar bilan hisoblaganda taxminan $20−25000 yetarli bo‘ldi.

Sof foydaga chiqishga muvaffaq bo‘lganmisiz va bunga qancha vaqt ketgan?

Foyda uzoq kuttirmadi. Masalan, “Mahmood kabob"da 3−4 oycha vaqt ketgan. Bu, menimcha, juda yaxshi ko‘rsatkich. Reklamalar orqali bu jarayonni yanada tezlashtirsa bo‘ladi.

Har bir loyida xodimlar muvaffaqiyatning asosiy nuqtalaridan biri hisoblanadi. Ularni ishga olishda, asosan, nimalarga ahamiyat berasiz?

Xodimlar tajribasi, oldin qayerda va nima ish qilgani, bu sohada qancha vaqt ishlagani, oldingi ish joyidan nima sababdan ketganiga qarab olinadi.

Buning uchun maxsus ish boshqaruvchilarimiz, HR’larimiz bor. Va o‘zim ham suhbat o‘tkazaman.

Hozirda “China Shashlik” va “Mahmood kabob” ning barcha filiallarida jami nechtadan xodim faoliyat olib boradi?

Umumiy hisobda 200 nafarga yaqin ishchilarimiz bor.

Umumiy ovqatlanish biznesida fokusni nimaga qaratish muhim deb hisoblaysiz?

Bunda fokus aholi ehtiyoj va talablariga qaratiladi. Ularga nima yoqishi, qanday taomlar iste’mol qilishlaridan kelib chiqib, taxminiy fikr bo‘lishi kerak. Konsepsiyani to‘g‘ri qo‘yib, talablarni o‘rgangan holda, ko‘zlangan maqsadga erishishsa bo‘ladi.

biznes, china shashlik, fudtrak, mahmood kabob

Mijozlar oqimini yaratishda nimalarga katta e’tibor bergansiz?

Mijozlar oqimini yaratishda, reklama sohasida bitta narsadan voz kechdik. Ya’ni oxirgi ikki yilda ijtimoiy tarmoqlarda faqatgina rasm shaklidagi reklamalar qo‘yib kelingandi. Hozir esa bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda, video formatidagi reklamalardan foydalanyapmiz.

Oshxonadagi jarayonlar, filiallar haqidagi barcha ma’lumotlar shu shaklda berib borilyapti. Aynan “Mahmood kabob” brendining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida ham ko‘rishingiz mumkin, barchasi video formatidagi postlar. Va bu qisqa videolar rasmdagidan ancha samarali.

Maqsadli auditoriyangiz kimlar?

Bizda asosan erkaklar. Shu bilan birga oilaviy keladiganlar, ayollar ham bor.

Reklama uchun taxminiy budjet qancha?

Hozirgi kunda oyiga $1000−1500 miqdorda pul sarflaymiz.

Reklama vositalaridan qaysi biri yaxshi qo‘l keldi, deb hisoblaysiz?

Hozir hammani qo‘lida telefon bo‘lib qoldi. Shu sababli, reklamalarni ijtimoiy tarmoqlarda, asosan, “Instagram” va “Facebook"da beramiz. Mashhur bloger, vaynerlardan foydalanish mumkin. Biz hozircha faqat bitta vaynerga murojaat qildik.

biznes, china shashlik, fudtrak, mahmood kabob

O‘zbekiston umumiy ovqatlanish bozoridagi vaziyat qanday? “China Shashlik”, “Mahmood kabob” oziq ovqat tarmoqlari shu darajaga yetib kelgunicha duch kelgan muommolar va bundan olgan saboq va xulosalaringiz haqida aytib o‘tsangiz.

Umumiy ovqatlanish bo‘yicha katta rivojlanishlar bo‘lyapti. Xorijda bo‘lganimda doim ko‘rib, kuzatib kelaman. O‘zbekistonda bu sohada raqobat ancha yaxshi, o‘sish bor.

Umumiy ovqatlanish bozorida ko‘plab ishlar qilinyapti, rivojlanish katta. Shu bilan birga, o‘ziga xos bo‘shliqlar, ochilmagan qirralari ham mavjud.

O‘zbek xalqi ovqatni yaxshi ko‘ruvchi, yaxshi narsa uchun uzoq-yaqin demaydigan xalq. Shuning uchun ham bemalol bu sohada qo‘rqmasdan biznes boshlash mumkin.

Duch kelingan muommolarga keladigan bo‘lsak, har bitta ishning, har bitta biznesning o‘ziga yarasha muommolari bo‘ladi. Ularni o‘z vaqtida yechim topib hal qilish kerak.

Biznes boshlashdan oldin har bir tadbirkor bilishi kerak bo‘lgan boshlang‘ich tushunchalar.

Biznes boshlashdan oldin har bir tadbirkor bilishi kerak bo‘lgan boshlang‘ich tushuncha bu bilgan ishini qilish, bilmaganiga esa — aralashmaslik.

Oldinlari ish so‘rabmas, shogird sifatida borib ish o‘rganishardi. O‘zi yaxshi ko‘rgan ishini topib, borib shogird tushib, 3−4 yil, qancha vaqt ketsa ham o‘rganib, keyin biznesga kirsa, yaxshi natijaga erishadi, deb o‘ylayman.

biznes, china shashlik, fudtrak, mahmood kabob

Yosh tadbirkorlarga, ya’ni O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish bozoriga kirib kelayotganlarga nimalarni tavsiya qilasiz?

Yosh tadbirkorlarga qilayotgan ishining ilmini olishni, yaxshilab o‘rganishni maslahat beraman. Iloji bo‘lsa, yaxshi ustoz topib, shogird tushishni tavsiya qilaman. Sohaga doir yetarlicha bilim olgachgina biznesga kirib kelishni maslahat beraman.

Juda ko‘p odamlar keladi, qo‘lida puli bor, lekin boshlamoqchi bo‘lgan biznesi haqida bilimi yo‘q. Ularga ham oldin o‘rganib, keyin kelishlarini tavsiya qilaman. Asosiy maslahatim, hech kim qilmagan ishni — yangilik qilish.

Tadbirkorlik faoliyatingizni boshlaganingizdan beri yo‘l qo‘ygan xatolaringiz.

Filial ochishda bir nechta xatolarga duch kelganmiz. Qozog‘istonda sherikchilikda “China shashlik” filialini ochganmiz. Bunda bizni qilgan xatoyimiz — aholi ehtiyojini o‘rganmaganmiz.

Bizni shashligimiz hajm jihatdan kichkina, ularning aholisi esa katta-katta yeyishni yaxshi ko‘risharkan. Shuning uchun ham “China shashlik"ni yaxshi qabul qilishmadi.

Talab darajasini yaxshi o‘rganmasdan, tavakkal qilib boshlanamiz xatoyimiz bo‘ldi. Bu bizga $30000 ga tushdi.

biznes, china shashlik, fudtrak, mahmood kabob

Xatolar juda ko‘p, xatosiz biznes bo‘lmaydi. Ularni to‘g‘irlab, xulosa chiqarib, keyingi safar takrorlamaslik kerak muhimi. Ketkazgan vaqtimiz, energiyamiz, harajatimiz bizga saboq bo‘ldi.

Shundan keyin viloyatlardan, chet eldan kelgan filial ochish takliflarini jiddiy o‘ylab ko‘radigan bo‘lganmiz. Har tarafdan o‘ylab, hisob-kitob qilib keyin ish boshlash kerakligi haqidagi xulosani oldik.

Rejalaringiz.

Kelajakdagi rejalarimiz filiallarimizni ko‘paytirish, xodimlar sonini oshirish. Aholiga sifatli mahsulot yetkazib berish, xalqqa xizmat qilish. Shuningdek, franshizalar bo‘yicha ishlashni reja qilganmiz.

Suhbat bilan batafsil videoda tanishish mumkin:



Avvalroq Firuz Allayev $70 minglik xatosi, mamlakatdagi internet savdo tizimini nega past baholashi, nima uchun xodimlardan ko‘ra ko‘proq tizimga ishonish kerakligi va “Uzum” marketpleysi haqida “Spot"ga so‘zlab bergandi.