Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi asosiy stavkaning 1% bandga tushirilishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiyotning jadallashishi, aholi iste’moli oshishi, kredit hajmi o‘sishi kutilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi 2023-yil 16-martdagi yig‘ilishda asosiy stavkani 1% bandga pasaytirib, yillik 15%dan 14% darajada belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Oxirgi marta 14%lik stavka 2018-yil boshida va 2020-yil oxirida amal qilgan. Bir yarim yil o‘tgach, 2022-yil mart oyida Markaziy bank stavkani birdaniga uch foiz bandga — 17%ga oshirdi.
O‘tgan yili regulyator stavkani ikki marta 16%ga, iyul oyi oxirida esa 15%ga tushirdi.
Stavkaning pasayishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshiradi va iqtisodiyotning o‘sishni rag‘batlantiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) ushbu ta’sirlarni baholadi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, asosiy stavkaning 1% bandga tushishi natijasida bazaviy ssenariyga nisbatan mamlakat YaIM 0,55%ga ko‘payadi.
Bundan tashqari, nominal foiz stavkasining tushishi real foiz stavkalarni pasaytiradi va aholi iste’molini rag‘batlantiradi.
Markaz tadqiqotining natijalari shuni ko‘rsatadiki, stavka tushishi aholiga berilayotgan kreditlar miqdorini 2,6%ga ko‘paytiradi. Natijada, bazaviy ssenariyga nisbatan aholi yalpi iste’moli 0,2%ga ortadi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, asosiy stavkaning 1% bandga o‘zgarishi kredit stavkalarini o‘rtacha 0,6% bandga, depozit stavkalarni 0,35% bandga o‘zgartiradi.
Shunday qilib, asosiy stavkaning pasayishi tijorat banklari kredit stavkalarini pasaytirib, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kredit stavkalarining pasayishi yalpi investitsiyalar hajmini 0,68%ga ko‘paytiradi.
Mutaxassislarning fikricha, asosiy stavkaning 1% bandga pasayishi iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan berilgan kreditlar hajmini quyidagicha ko‘paytiradi:
- qishloq xo‘jaligida 3,6%ga;
- qurilishda 2,8%ga;
- sanoatda kreditlar hajmini 2,7%ga;
- savdoda 1,3%ga;
- transport va kommunikatsiyada 1,1%ga.
Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov asosiy stavkaning pasayishi erkin bozor va tijorat segmentiga deyarli ta’sir o‘tkazmasligi haqida fikr bildirgandi.