Rossiya Ichki ishlar vazirligi mamlakatda yashovchi migrantlar uchun past “til reytingi” uchun jarima solishni taklif qilmoqda, deya xabar berdi “Interfax” nashri.
Jarima miqdori tashrif buyuruvchilarning rus tilini bilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, rus tilini yaxshi bilish uchun Ichki ishlar vazirligi migrantlarga soliq imtiyozlari berilishini taklif qildi.
“Til reytingini joriy etishning samarali ta’siri moslashuv davridan keyin, masalan, identifikatsiya kartasi olingan kundan boshlab bir oydan uch oy o‘tgach paydo bo‘lishi kerak”, — dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova Davlat Dumasidagi davra suhbatida.
Kazakovaning aniqlik kiritishicha, departament migrantning tilga moslashuvini baholashning ball tizimi — til reytingini joriy etishni taklif qilmoqda.
Ushbu reyting migratsiya ro‘yxatidan o‘tkazish davlat axborot tizimi tomonidan chet el fuqarosi haqidagi faktik ma’lumotlarni baholash algoritmi asosida hisoblab chiqiladi.
Ta’kidlanishicha, reyting ballari xorijlik fuqaroning xorijda kirish oldi tayyorgarligidan o‘tishi yoki rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihon topshirishi uchun berilishi mumkin.
Agar past til reytingi aniqlansa, migrant har oyda qonunda belgilangan tartibda davlatga moslashuv to‘lovini to‘lashi shart bo‘ladi.
Bu chet el fuqarosini rus tilini o‘rganishga va reytingini oshirishga undaydi. Shu bilan birga, ushbu to‘lov miqdori moslashish davri tugagandan so‘ng (masalan, identifikatsiya kartasi olingan kundan boshlab bir yil o‘tgach) ortishi mumkin, deyiladi xabarda.
Shuningdek, migrantlarni rus tilini bilish darajasiga ko‘ra bir necha toifalarga bo‘lish taklif qilingan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migrantlarga rus tilini yaxshi bilgani uchun daromad solig‘idan chegirma berilish, chegirma miqdori 50%gacha yetishi mumkin.
Kazakova chegirma hajmini farqlash kerakligini ta’kidladi. Rus tilini bilishning asosiy darajasi uchun daromad solig‘i 10%, o‘rtacha daraja uchun — 15%, eng yuqori — 20%, rus tilida erkin so‘zlashuvchilar uchun 50% chegirma beriladi.
Avvalroq “Spot” Rossiyada migrantlar uchun patent muddati 3 yilgacha uzaytirilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlar uchun mehnat patentlarining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha taklifni ma’qullagan.