“O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umurzoqov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda “UzA” xabar bermoqda.
U mazkur lavozimgacha 2018-yil iyunidan beri “O‘zavtosanoat” kompaniyasi raisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi.
16-yanvar kuni prezident Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni lavozimidan ozod etgandi.
Uning o‘rniga hokim vazifasini bajaruvchi sifatida hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov tayinlangandi.
Shavkat Umurzoqov 1979-yilda tug‘ilgan, muqaddam prokuratura tizimida ishlagan. 2011-yil iyunidan 2013-yil sentabriga qadar Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan.
2013−2018-yillarda O‘zbekiston bosh prokuraturasida Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.