Vetnamning “Mareven Food Holdings” kompaniyasi O‘zbekistonda $125 mln.lik zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha vazir Laziz Kudratov hamda kompaniya direktori Nguyen Duong o‘rtasida muzokaralar olib borilgan.
Qayd etilishicha, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, quritilgan sabzavotlar, chipslar ishlab chiqaradigan mazkur zavod Toshkent viloyatidagi “Angren” erkin iqtisodiy zonasi hududida amalga oshiriladi.
Shuningdek, loyiha natijasida 800 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ta’kidlanmoqda.
Kompaniya mahsulotlarini qabul qilish hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga tarqatish maqsadida Toshkent viloyatida logistika markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning joriy holati haqida so‘z yuritildi.
Yakunda O‘zbekistonda Mareven Food Holdings kompaniyasining ishlab chiqarish va logistikani ishga tushirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutgan holda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish tartibi kelishib olingan.
“Mareven Food Holdings” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha loyihalarga sarmoya kiritish bo‘yicha faoliyat yuritadi.
Kompaniyaning xalqaro portfeliga “Rollton”, “BIGBON”, “Mareven Professional Food”, “Petra” hamda “Actibo” brendlari kiradi.
Avvalroq “Spot” Hindistonning “Aakash Healthcare” kompaniyasi Toshkentda $100mlnlik tibbiyot shaharchasi qurishi haqida yozgandi. Shaharchada tibbiyot kollejlari, hamshiralar tayyorlaydigan o‘quv muassasasi joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.