Chelyabinsk va Oʻzbekiston shaharlaridan biri oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni 2023-yil oxirigacha yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu haqda chorshanba kuni “TACC” agentligi O‘zbekistonning Yekaterinburgdagi bosh konsuli Abdusalom Xatamovga tayanib xabar berdi.

“Biz hozirda Chelyabinsk biz uchun muhim hamkor ekanligini inobatga olgan holda O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish ustida ishlayapmiz”, — dedi Abdusalom Xatamov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya viloyati rasmiylari ham havo qatnovini ochishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Chelyabinsk va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida avval ham bir necha bor reyslar yo‘lga qo‘yilgan, ammo hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘q.

Avvalroq bosh konsul “TACC” muxbiriga O‘zbekiston Ural federal okrugi va butun Rossiya bo‘ylab sayohatchilar uchun hamma uchishga odatlangan Istanbul o‘rnini bosadigan yangi tranzit markaziga aylanishi mumkinligi haqida fikr bildirgandi.

Unga ko‘ra, ayni paytda Uralning Yekaterinburg, Chelyabinsk va Tyumen shaharlaridan Buxoro, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Namanganga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Nijnevartovsk va Fargʻona oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni ochish masalasi ham faol ishlab chiqilayotgani aytilgan.

Avvalroq “Ural Airlines” Yekaterinburgdan O‘zbekistonning oltita shahriga parvozlarni yo‘lga qo‘yishga ruxsat olgani haqida ma’lim qilingandi.

Aviakompaniya joriy yilning yozida Qarshi, Farg‘ona, Nukus, Navoiy, Urganch hamda Buxoroga qatnovni amalga oshiradi.

Shu bilan, Yekaterinburgdan tashqari, Krasnodar, Grozniy, Nijniy Novgorod, Nijnevartovsk, Sochi, Qozon, Maxachqal’a, Mineralne Vodi, Chelyabinsk, Jukovskiy, Rostov-na-Donu kabi shaharlardan parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq “Spot” 28-martdan “Uzbekistan Airways” Toshkent-Nijniy Novgorod yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻyishi haqida yozgandi. Parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.