Markaziy bank hamda Mudofaa vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.
Kelishuvga asosan, tomonlar kiberxavfsizlik hodisalari hamda tahdidlarga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha hamkorlik amalga oshiradi.
Xususan, mazkur kelishuv kiberxavfsizlik darajasini oshirish, kibertahdidlarga qarshi kurashish va bu masalaga doir munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan.
2021-yili Markaziy bank huzurida moliya sohasidagi Kiberxavfsizlik markazi tashkil etilgan.
2022-yili davlat rahbari tomonidan kiberxavfsizlik bo‘yicha qonun imzolandi va hujjat bilan kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish davlatning kiberxavfsizligini ta’minlashda ustuvor hisoblanihsi qayd etildi.
O‘tgan yilning avgust oyida O‘zbekistondagi tashkilotlar kiberxavfsizlik darajasi bo‘yicha baholangandi hamda reytingda birinchilikni Adliya vazirligi egalladi.
Shuningdek, reytingning kuchli uchligidan Markaziy bank (97 ball) hamda Davlat statistika qo‘mitasi (95.2 ball) joy olgan.
Yil yakunida regulyator “CERT-CBU” kiberxavfsizlik markazining saytini ishga tushirdi.
U orqali bank faoliyatida kiberxujumlarning oldini olish maqsadida ogohlantirishlar berib boriladi.
Avvalroq “Spot” Markaziy bank hamda “Kaspersky Lab KZ” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangani haqida yozgandi.
Mazkur kelishuv orqali kompyuter hujumlariga qarshi kurashish va tashkilotlarning axborot xavfsizlik darajasini oshirish masalalarida hamkorlik qilish reja qilingan.