Vazirlar Mahkamasining “Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatida yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, 2023-yil 1-oktabrgacha Ichki ishlar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda:

  • aholi yashash punktlaridan tashqaridagi yo‘llarda qoidabuzarlik yoki hodisalarni;
  • qidiruvdagi transport vositasini aniqlash;
  • zarur choralarni ko‘rish hamda yordam ko‘rsatishda tezkorlikka erishish maqsadida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanish;
  • hamda ularni saqlash bo‘yicha ilg‘or xorij tajribasini o‘rganib chiqadi.

Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona axborot tizimini loyiha-texnik hujjatlarini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqib, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishni shu jumladan foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi doirasida shakllantirilayotgan ma’lumotlarni o‘zida markazlashgan holda jamlovchi Yagona axborot tizimining “Ma'muriy amaliyot” moduli ishlab chiqiladi.

Avvalroq prezident Oʻzbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishdi.

Unda davlat rahbari dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pog‘onaga ko‘tarish, tajriba tariqasida dronlarni yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

2022-yil 17-noyabrda Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi.

Qaror bilan mamlakat hududiga uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish va ulardan foydalanish bo‘yicha bevosita huquqqa ega bo‘lgan davlat organlari ro‘yxati kengaytirildi.

Ilgari bunday huquq Kadastr agentligi huzuridagi “Geoinnovatsiyalar markazi” hamda “O‘zGASHKLITI” hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

Endi dronlardan Turizm va madaniy meros vazirligi, Chorvoq turistik zonasi direksiyasi va YUNESKO komissiyasi ham foydalanishi mumkin.

Boshqa vazirliklar, idoralar va xo‘jalik subyektlariga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni olib kirish, foydalanish uchun ruxsatnomalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladi.

Fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan dronlarning uchish massasi 25 kg dan oshmasligi (qishloq xo‘jaligida — 100 kg dan) belgilangan. Barcha qurilmalar parvoz qilish uchun fuqaro aviatsiyasi agentligidan (“Uzaviatsiya”) ruxsat olishlari kerak.

Bundan tashqari, “O‘zaviatsiya” Turizm vazirligining talabiga binoan vaqtincha olib kirish va sayyohlik materiallarini suratga olish uchun dronlardan foydalanishga ruxsatnoma beradi.

O‘zbekistonga dronlarlarni olib kirish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin.

Hozirda bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi. Xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2018-yilda “Geoinnovatsiyalar markazi” davlat unitar korxonasi va Xitoyning “BShark Holdings” kompaniyasi o‘rtasida dronlarni chiqarish bo‘yicha memorandum imzolangandi.

Joriy yil yanvar oyida Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tomonidan “Lochin” nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar berilgandi.