Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tadbirkor ayollar uchun mentorlik dasturining ikkinchi oqimi boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Dasturda mentor va menti sifatida ishtirok etish mumkin bo‘lib, bank mikro, kichik va o‘rta biznesni rentabellikka erishishda qo‘llab-quvvatlaydi va biznes-maslahat xizmatlarining barqaror tizimini yaratishga yordam beradi.
Tanlov ikki bosqichda — anketalar va tashkilotchilar bilan suhbat asosida o‘tkaziladi hamda ikkinchi oqimda ishtirok etish uchun 50 ta menti tanlab olinishi ta’kidlanmoqda.
Ishtirokchilar barcha tadbirlarning kamida 90%ida ishtirok etishlari hamda muayyan talablarga javob berishi kerak.
Xususan, kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan va kamida 2 yillik tajribaga ega bo‘lishi lozim. Ish tajribasiga ega bo‘lgan tadbirkor ayollarga ustunlik beriladi.
Ishtirokchilar tanlovning keyingi bosqichiga o‘tgan taqdirda tasdiqlovchi hujjatlarni (ro‘yxatdan o‘tish, sertifikat va boshqalar) taqdim etishlari shart.
Menti sifatida ishtirok etish uchun arizalarni 31-martgacha havola orqali jo‘natish kerak.
Mentorlar mentilarga kasbiy mahorat va malakalarni rivojlantirish, maqsadlarni belgilash va ularga erishishda yordam beradi.
Har bir menti bilan mentorlar kamida 8 marta, oyiga kamida 1−2 marta uchrashuv o‘tkazishlari kerak.
Erkaklar ham, ayollar ham mentor sifatida ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, chet el fuqarolari ham mentor sifatida qabul qilinadi.
Shuningdek, mentor sifatida ishtirok etmoqchi bo‘layotgan nomzodlar quyidagi talablarga javob berishi zarur:
- biznesni boshqarish yoki egalik qilishda kamida 5 yillik tajriba;
- kamida 5 nafar xodimga ega bo‘lish;
- strategik rivojlanish, miqyosni kengaytirish, o‘qitish, shuningdek, jamoani boshqarish bo‘yicha tajriba va bilim.
Mentor sifatida ishtirok etish uchun ham arizalarni 31-martgacha havola orqali jo‘natish zarur.
Arizalar qabulidan so‘ng tashkilotchilar nomzodlarni saralash suhbatlariga taklif qilishadi. Ular mintaqaga qarab onlayn yoki oflayn rejimda o‘tkazilishi mumkin.
Bank 2022-yili dasturning birinchi to‘lqinini amalga oshirgandi.
YeTTBning ma’lum qilishicha, birinchi oqim ishtirokchilarining 33%i o‘z moliyaviy ko‘rsatkichlarini yaxshilagan, 47%i mijozlar sonini ko‘paytirgan, yana 47% ishtirokchi esa yangi hamkorliklar yaratgan yoki ishtirok etgan hamda 14%i yangi filiallar ochgan.