Ulug‘bek Ubaydullayevich Rozuqulov “O‘zavtosanoat” kompaniyasi raisi etib tayinlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz” nashriga ma’lum qilgan.
Ulug‘bek Rozuqulov 1969-yilda tug‘ilgan. M.Lomonosov nomidagi MDU bitiruvchisi, Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti aspiranturasini tamomlagan, iqtisod fanlari nomzodi.
U shu paytgacha 2018-yildan O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchisi, 2019-yilning oktabr oyidan Vetnamdagi elchisi bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, 2017−2018-yillarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi (hozirgi “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”) boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.
Avvalroq, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
U mazkur lavozimgacha 2018-yil iyunidan buyon “O‘zavtosanoat” kompaniyasi raisi lavozimida faoliyat olib borayotgandi.
Shuningdek, u bungacha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zavtosanoat” boshqaruvi raisi (2015−2017), O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori, Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti direktori lavozimlarida ishlagan.