Ta’lim sohasida Yagona portal orqali amalga oshiriladigan onlayn xizmatlar ishga tushiriladi, deya xabar bermoqda Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov.
Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining raqamlashtirishga mas’ul mutaxassislari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.
Bu esa aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni raqamlashtirish, Yagona portal orqali ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yangi xizmatlarni joriy etish maqsadida amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Uchrashuvda quyidagi elektron xizmatlarni tez orada ishga tushirishga kelishilgan:
- maktab o‘quvchilarni 1-sinfga onlayn qabul qilish xizmati;
- o‘quvchilarni maktabdan maktabga onlayn ko‘chirish xizmati;
- elektron shahodatnomani yuklab olish xizmati;
- talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashtirish xizmati;
- talabalarga ta’lim kreditini onlayn ajratish xizmati va boshqalar.
Shuningdek, bog‘cha, maktab, oliy ta’lim tizimlarida yangi elektron xizmatlarni joriy qilish bo‘yicha takliflarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Vazir o‘rinbosari takliflar tahlil qilinib, foydali va qulay bo‘lgan xizmatlarni joriy etish choralari ko‘rilishini ta’kidlagan.
Ta’lim sohasida joriy etilgan onlayn xizmatlardan havola orqali foydalanish mumkin.
2023-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni 570 taga yetkazilishi belgilangan.