2022-yilning 1-oktabridan Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasining raqamli onlayn platformasi ishga tushirildi.
U orqali iste’molchilar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyosh panellari va quyosh suv isitgichlarini 3 yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilishlari mumkin.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari narxini to‘liq to‘lagan iste’molchining xarid xarajatlari qisman jamg‘arma hisobidan qoplanadi.
1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.
Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar 3 yil muddatga, quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25%dan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa — 10 yil muddatga quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:
- mazkur qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i;
- qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i;
- yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘i.
2022-yili Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi.
Chilonzor tumanidagi 20 dan ortiq xonadon egalari ham 3 yil muddatga foizsiz bo‘lib to‘lash yo‘li bilan quyosh panellarini o‘rnatgan.
Quyosh panellarini qanday xarid qilish mumkin
Buning uchun energymarket.uz marketpleysidan ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Platforma aholiga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olishda kompensatsiya ajratish va muddatli to‘lov imkoniyatini beradi.
Saytda kerakli kategoriya orqali quyosh panellarini yoki quyosh suv isitish qurilmalarini tanlash mumkin.
Undan keyin sotuvda mavjud qurilmalar ro‘yxati ochiladi va har bir qurilma haqida batafsil ma’lumotlar beriladi.
“Ariza qoldirish” tugmasi orqali tanlangan qurilma uchun ariza berish mumkin. Buning uchun so‘ralgan barcha ma’lumotlarni to‘ldirish zarur.
Arizani to‘ldirish shaklida quyidagi ma’lumotlar so‘ralgan:
- arizachi haqidagi umumiy ma’lumot;
- o‘rnatish joyi haqida ma’lumot;
- elektr tarmog‘i ma’lumotlari;
- o‘rnatish joyining rasmlari.
Shundan so‘ng, “Yuborish” tugmasi orqali arizani jo‘natish mumkin.
Platformaning asosiy sahifasida kompensatsiya va muddatli to‘lovni hisoblash kalkulyatori mavjud.
Masalan, kerakli qurilma turi va parametrini tanlab ajratiladigan kompensatsiyani hisoblash mumkin.
Agar muddatli to‘lovni hisoblash kerak bo‘lsa, kerakli qurilma narxi va to‘lov muddatini belgilab, natijalarni olish mumkin.
Muddatli to‘lov quyosh suv isitgichlari uchun amal qilmaydi.
Avvalroq “Spot” kredit tarixi nimaligi va uni qanday aniqlash mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.