Yil boshidan buyon O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida $134,4 mln.lik tashqi savdo bitimlari tuzilgan. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13%ga oshgan.
Birja orqali xarid qilingan mahsulotlarning 77%ini oziq-ovqat mahsulotlari va mineral o‘g‘itlar egallagan.
Shuningdek, eksport qilingan mahsulotlar qatoridan rangli metallar, neft mahsulotlari va qurilish mollari o‘rin olgan.
Yil boshidan buyon Belarus va Qozog‘istonda birjaning ikkita yangi xorijiy savdo maydonchalari va to‘rtta xorijiy brokerlik idoralari ochildi.
Qolaversa, qariyb 500 ta yangi norezident mijozlar akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Hamkorlik aloqalarini muhokama qilish maqsadida Istanbul energiya birjasi (EXIST) va Pokiston tovar birjasi (PMEX) vakillari bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Avvalroq UZEXning elektron logistika portalida E-Logistics mobil ilovasi ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.