“Uzum” ekotizimi yaqin kunlarda do‘kon va restoranlardan tayyor taom va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Uzum” maslahatchisi Boris Dobrodeyev va loyiha hamkori Jasur Jumayev “RBC” nashriga ma’lum qildi.

Dobrodeyev va Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Rossiya xizmatlari “Delivery Club” va “Ozon fresh” biznes modelini birlashtirishni rejalashtirmoqda.

Shu maqsadda “Uzum” butun O‘zbekiston bo‘ylab “darkstore"lar tarmog‘ini (tovarlarni berish uchun do‘kon-ombor) rivojlantirmoqchi.

Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, “Uzum"ni yaratish goyasi unga bir necha yil oldin kelgan, ammo o‘sha paytda mamlakatda mobil ilovalarning kirib borishi ancha past darajada bo‘lgan.

“Uzum” loyihasining maqsadi O‘zbekistonda eng yirik elektron tijorat ekotizimini yaratish hisoblanadi.

Kompaniyaning rivojlanish rejalari

Hozirda kompaniya Yaqin Sharqdagi eng yirik xalqaro investitsiya fondlari bilan muzokaralar olib bormoqda. 2023-yil oxirigacha “Uzum” $300 mln yig‘moqchi.

Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fondlarning o‘zlari loyihaga qiziqish bildirgan, chunki ularga biznes modeli yoqqan.

Uch yil ichida “Uzum” o‘zining birinchi ommaviy taklifini (IPO) xalqaro birja yoki bir nechta birjalarda o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

“Kapitalbank” ulushini sotib olish va bozorni ishga tushirish uchun hamkorlar mahalliy tadbirkorlardan bir necha o‘n mln dollargacha mablag to‘plashdi. Oz navbatida investorlar kompaniya kapitalidan ulush oldilar.

2022-yil o‘rtalarida ishga tushirilgan “Uzum” O‘zbekistonning 16 ta shahriga yetib borishga, shuningdek, 27 ming kv m maydonga ega o‘z omborini qurishga muvaffaq bo‘ldi.

“Uzum"ning prognozlariga ko‘ra, 2023-yil oxirigacha tovar aylanmasi $150 mln.ga yetishi kerak.

“Rivojlanish bosqichida biz barcha pullarimizni infratuzilma va logistika yaratishga sarflaymiz. Biz uchun maksimal bozor ulushini qo‘lga kiritish va O‘zbekistonda oflayn bozorni yakuniy shakllantirish bosqichidan darhol onlayn savdoga o‘tish muhim”, — dedi Jumayev.

Rossiya IT-bozoridagi bir nechta manbalar “VK” jamoasi va “Aliexpress Rossiya"ning bir qismi Dobrodeyevning O‘zbekistondagi yangi loyihasiga qo‘shilgani haqida ma’lum qilgandi.

Shuningdek, “Uzum” “Ozon”, “Yandex” va “Delivery Club” va boshqalarning sobiq xodimlari ham qoʻshilganini tasdiqladi.

Hozirda jamoada 5 ming nafargacha xodim ishlaydi, ulardan 500 nafari IT-dasturchilardir. Dasturchilarning qariyb 80%ini o‘zbekistonlik IT-mutaxassislari tashkil etadi.

Takidlanishicha, yil oxirigacha kompaniya qo‘shimcha 2 ming nafar xodimni ishga olishni va o‘zining dasturchilar akademiyasini ochishni rejalashtirmoqda.


Avvalroq “Spot” Yandex Eats yetkazib berish xizmati Toshkentda ishga tushirilgani haqida yozgandi.