Shavkat Mirziyoyev investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Joriy yilda qariyb $11 mlrd to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Hududlarda $23 mlrd.lik 12 mingta yangi loyiha, 3 mingdan ziyod sanoat loyihalari ishga tushirilishi belgilangan.
Yig‘ilishda yil boshidan $764 mln xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgani, 1 ming 300 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilgan hamda eksport $3 mlrd.ni tashkil qilgan.
Prezident bu natijalar yetarli emasligini, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda ikki karra ko‘proq harakat qilish kerakligini ta’kidlagan.
Uskunalarni olib kelish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishda logistika masalalari kundan-kunga dolzarb bo‘lib bormoqda.
Bu holatda xorijiy investitsiyalar jalb qilish ham qiyinlashmoqda. Aniq loyihalar va infratuzilma masalasi ham dolzarb.
Shu sabab, ishga tushadigan loyihalar ijrosini hududlar va tarmoqlar kesimida kunlik nazorat qilib, muammolarni hal qilib borish zarurligi ta’kidlandi.
304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyihalarning ishga tushirilishi orqali shu yilning o‘zida 10 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va $200 mln.lik eksport qilish imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.
Tashqi bozorlarni doimiy tahlil qilib, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, yangi transport yo‘laklarini topish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat kuchayib borayotgan ayni paytda mahsulotlar sifatini oshirish va tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, yuqori texnologik va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish tizimini joriy qilish, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Sanoat siyosati tadqiqotlari markazini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
2022-yilning noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, prezindent keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidlagandi.
Bundan tashqari, Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifi bildirildi.
Shuningdek, davlat rahbari, bank-moliya, IT, konchilik, energetika kabi sohalar rivojiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish xususida ham qayd etdi.
Xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibi belgilangan:
- Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
- ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
- investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.
Avvalroq PMTI ekspertlari 2017−2022 yillarda O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilgandi.