Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Unda avaqatnovlar bo‘yicha ichki reyslar taqchilligi kuzatilayotgani hamda temir yo‘lda haftasiga 68 ta qo‘shimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor ekanligi ta’kidlandi.

Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi.

Shu sabab fuqarolik aviatsiyasi rahbarlariga yil yakuniga qadar 20 ta qo‘shimcha samolyotlarni olib kelib, milliy aviatsiya parkini 64 taga yetkazish topshirildi.

Bundan tashqari, aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 461 tadan 700 taga yetkazib, yillik yo‘lovchi tashishni 7,5 mlnga olib chiqish belgilandi.

1-maydan vodiy-Urganch, vodiy-Termiz, vodiy-Buxoro, vodiy-Samarqand, Termiz-Nukus, Samarqand-Urganch, Buxoro-Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bunda, aviabilet xarajatlarining 25%iga subsidiya beriladi va buning uchun 60 mlrd so‘m ajratiladi.

Jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Fevral oyida O‘zbekistonga Shveysariyadan $86,5 mlnlik samolyot xarid qilingan. Natijada, yil boshidan buyon xorijdan sotib olingan samolyotlar soni 14 taga yetdi.

Germaniya 6 ta samolyot bilan yetakchilik qilmoqda.


Avvalroq, aviatashuvchilarga ichki turizm uchun subsidiya ajratish muddati 2026-yilgacha uzaytirilgandi. Oldin mazkur muddat 2022-yilning 1-iyunigacha etib belgilangandi.