Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov “Franklin Templeton” kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Manraj Sehon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda davlat rahbarining Singapurga davlat tashrifi davomida erishilgan loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, davlat korxonalariga xorijiy investitsiyalarni jalb etishning yangi mexanizmlarini joriy etish masalasi qo‘llab-quvvatlandi.

Joriy yilning aprel oyi oxirigacha Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish hamda kompaniyaning Toshkentda vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlat korxonalarini transformatsiyalash va tarkibiy o‘zgartirish jarayonlari samaradorligini ta’minlash maqsadida Singapur kompaniyasi O‘zbekistonga yuqori malakali mutaxassislarni yuboradi.

Tomonlar yaqin oylarda Jamg‘arma aksiyalarini “Toshkent” fond birjasiga joylashtirishga kelishishdi.

Bu AQSh, Yevropa Ittifoqi va boshqa mamlakatlarning investorlarini hamda keng jamoatchilikni fond bozoriga sarmoya kiritishga jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda birinchi bosqich bo‘lishi qayd etilgan.

Franklin Templeton 1947-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan. 9 mingdan ortiq xodimga ega global investitsiya kompaniyasi hisoblanadi.

Faoliyatining asosiy yo‘nalishi — kompaniyalarning kapitali va aktivlarini boshqarish.


Davlat rahbari Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tgandi.

Ular orasida investitsiyalar va o‘zaro savdoni kengaytirish, Singapurning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surish yo‘nalishi ham bor.