Avvalroq prezident qarori bilan 2024-yilga qadar 37 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgandi.
Ular orasida pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok va behi, qatiq, kefir, sut mahsulotlari, makaron mahsulotlari kabilar bor. Batafsil ro‘yxat bu yerda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xakimov bu aholi farovonligiga qay darajada ta’sir qilishi, kutilayotgan natija qanday bo‘lishi va bu qarorlar ichki bozordagi narxlarga qanday ta’sir qilishini baholadi.
Ta’kidlanishicha, bojxona bojlarini nollashtirish ikkita yo‘nalish bo‘yicha o‘z ta’sirini ko‘rsatadi:
- bojxona bojlari tushganda import qilinadigan mahsulotlar arzonlashadi va natijada mazkur mahsulotlarning iste’moli oshadi;
- bir mamlakatdan import qilinayotgan mahsulot qimmatroq bo‘lgani uchun savdo yo‘nalishi ham o‘zgaradi.
Obid Xakimovning qayd etishicha, bu turdagi iste’mol tovarlariga bojxona bojlarining nol stavkaga tushirilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini maqsadli qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, kam ta’minlangan uy xo‘jaliklari tomonidan iste’molni rag‘batlantirish imkonini beradi.
“Misol uchun, birgina uy xo‘jaliklarini oladigan bo‘lsak, tahlil shuni ko‘rsatadiki, asosan bu oziq-ovqatlar kam yoki o‘rta daromadli uy xo‘jaliklari daromadlarining katta qismini sarflayotgan mahsulotlar hisoblanadi. Makaron, tuxum, sariyog‘, go‘sht, pishloq, olma va boshqalar shular jumlasidan”, — deydi ekspert.
Agar aholining eng zaif qatlamlari faqat kefir sotib olganda, ular uy xo‘jaligi xarajatlarining 5,6%ini mana shu mahsulotga ishlatayotgan bo‘lsa, unda eng yuqori daromadli oilalar bir xil tovar guruhi uchun xarajatlarning atigi 0,7%ini tashkil qiladi.
Mazkur oziq-ovqat mahsulotlariga sarflangan xarajatlarning daromadga nisbati eng yuqori daromadli oilalarga qaraganda kam ta’minlanganlar uchun 8−10 baravar yuqori.
Bojxona bojlarini nollashtirish mahsulotlar importini quyidagicha oshiradi:
- go‘sht va go‘sht mahsulotlarini $4,8 mln.ga;
- pishloq mahsulotlarini qariyb $900 ming.ga;
- yong‘oqni $1,3 mln.ga;
- olma va nokni $1,9 mln.ga;
- yangi mevalarni $1,6 mln.ga;
- shokoladni $4,7 mln.ga;
- qandolat mahsulotlarini $1,2 mln.ga.
“Makroiqtisodiy nuqtai nazardan, importning o‘sishi natijasida aholining iste’moli oshishi kutilmoqda va bu turdagi mahsulotlar uchun import narxlari 1%dan ortiqroq pasayadi”, — dedi Obid Xakimov.
Makroiqtisodiy ta’sirlar
Bojxona to‘lovlari stavkalarini nolga tushirishning makroiqtisodiy ta’siri markaz tomonidan go‘sht va sut mahsulotlari, mevalar, yong‘oqlar, don mahsulotlari, un mahsulotlari, konservalar, shokolad, suv, to‘qimachilik mahsulotlarining ayrim turlari uchun umumiy muvozanat modeli asosida hisoblab chiqilgan.
Yana bir muhim jihat shundaki, Erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi bitimga (ESZ) muvofiq MDH davlatlaridan olib kirilayotgan tovarlarga import bojxona to‘lovlari kiritilmaydi.
Transport va logistika zanjirlarining buzilishi, asosiy yetkazib beruvchi mamlakatlarda, ishlab chiqarishning to‘xtab qolishi tufayli O‘zbekiston MDH ESZga a’zo bo‘lmagan uchinchi mamlakatlardan import bojxona boji stavkalari qo‘llaniladigan tovarlarga nisbatan import hajmini oshirdi.
Bu esa ichki bozorda mahsulot tannarxining oshishiga olib keladi.
2022-yilda qayta ko‘rib chiqilayotgan mahsulotlarning 57% MDH davlatlaridan bojsiz olib kelingan, qolgan 43% import qilinayotgan iste’mol tovarlariga bojxona boji stavkalari qo‘llanilgan.
Natijada, bojxona bojlarining nol stavkaga tushirilishi mahsulotlar uchun iste’mol tovarlari importining o‘rtacha 6,7%ga oshishiga olib keladi.
Importning eng katta o‘sishi quyidagi guruhlar uchun kutilmoqda:
- boshqa go‘sht va go‘shtli oziq-ovqat submahsulotlari;
- yangi, sovutilgan yoki muzlatilgan mevalar;
- olma, nok va behi, boshqa yangi mevalar;
- yong‘oq;
- qandolat;
- shokolad;
- makaron;
- pishloq mahsulotlari va boshqalar.
Shu bilan birga, bu mahsulotlar uchun ichki bozorda import narxlari 1,16 f.b.ga pasayishi kutilmoqda.
Tahlillar yashash va umumiy ovqatlanish xizmatlari, tashish va saqlash sohalarida ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, ulgurji va chakana savdo hamda axborot-kommunikatsiya sohasida biroz kamroq ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bojxona bojlari stavkalarini nolga tenglashtirish aholidan 600 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘larni tejash imkonini beradi.
Bu esa iqtisodiyotdagi ichki talabning 0,45 f.b.ga o‘sishini rag‘batlantiradigan va iqtisodiy o‘sishga multiplikator ta’sir ko‘rsatadi.
Import oqimlariga ta’siri
Savdo oqimlariga ta’sirini baholash shuni ko‘rsatdiki, Rossiya, Moldova, Qozog‘iston, Belorus va Ukrainadan oziq-ovqat importi kamayadi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqidan importning ko‘payishi kutilmoqda.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida importning eng katta o‘sishi Polsha, Fransiya va Italiyaga to‘g‘ri keladi.
Savdoga eng ko‘p ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa mamlakatlar Turkiya, Xitoy va Hindiston hisoblanadi.
Avvalroq tadbirkor Zafar Hoshimov mazkur qarorning qabul qilinishi aholi uchun manfaatli bo‘lishini ta’kidlagandi.