Shavkat Mirziyoyev “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank” kapitaliga xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Oxirgi uch yilda, banklarning umumiy kreditlari xajmi 2 baravar, kapital xajmi 1,6 baravarga oshgan.

O‘tgan yili “Ipoteka-bank"ning 75% davlat ulushi Vengriyaning OTP bankiga sotildi. Aksiyalarning 75% hozir, qolgan 25% esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil keyin sotiladi.

Birinchi bitimning moliyaviy yopilishi 2023-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi kutilmoqda.Yaqinda bankning $324 mln.ga sotilgani ma’lum bo‘lgandi.

Joriy yil yanvar oyida esa “O‘zagroeksportbank"ning 100% davlat ulushi “Support Level” kompaniyasiga $5 mlnga sotildi.

Bu ishlarni davom ettirib, “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank"ka ham xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilgan.

Shu maqsadda xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda bu banklarga 30 nafar malakali xalqaro mutaxassislar olib kelingan.

2023-yil davomida “O‘zsanoatqurilishbank” kapitaliga $125 mln, “Asakabank"ka $100 mln mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Banklarning operatsion faoliyatida dasturiy IT mahsulotlar va 100 dan ziyod yangi bank xizmat turlari joriy etiladi.

Natijada 2027-yil oxiri bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank” daromadi 1,61 baravar, kredit portfeli 1,74 baravarga oshishi ko‘zda tutilgan.

“Asakabank"da depozitlar 1,71 baravar, bank aktivlarining hajmi esa 1,72 oshishi belgilangan.

Qayd etilishicha, bu va boshqa O‘zbekiston banklariga xalqaro moliya bozorlarida ishonch va ular faoliyatida qatnashish uchun xorijiy investor va hamkorlarning qiziqishi ortadi.

Taqdimotda mazkur jarayonga xalqaro konsultantlarni taklif etish, ularning kapitalini oshirish va qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

O‘tgan yilning oxirigacha “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat ulushlarini sotuvga qo‘yish, bu jarayonga Xalqaro moliya korporatsiyasi, YeTTB va OTBni jalb etish rejalashtirilgandi.

Joriy yilning 1-iyuliga qadar esa “Xalq banki”, “Mikrokreditbank”, “Aloqabank”, “Agro bank” va “O‘zmilliybank"larning aksiyalarini fond birjasi orqali ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini tashkillashtirish belgilangandi.

YeTTB banklarni xususiylashtirish jarayonini biroz surishni maslahat berdi. YeTTB vitse-prezidenti Yurgen Rigterink bu jarayon katta ijtimoiy mas’uliyat bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xususiylashtirish ko‘pincha xodimlarni qisqartirishni anglatadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov esa 2027-yilgacha O‘zbekistonda faqat bitta davlat banki qolishi va qolganlari xususiylashtirilishini ta’kidladi.

Avvalroq, prezident davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgandi.

Bundan tashqari, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi.

Xususan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2% aksiyalari aholiga taklif etiladi.