Avvalroq, prezident “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagandi.

Undan keyin, ommaviy savdolar orqali sotiladigan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unda 1001 ta aksiya, 1046 ta ko‘chmas mulk hamda 40 ta IPO keltirilgan.

Mazkur IPOlar aksiya paketlari “bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish tartibida ommaviy savdolar orqali sotiladi.

Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30%i dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Shuningdek, 1-iyuldan jismoniy shaxslarga “Davlat mulki” axborot tizimi orqali maydoni 2 000 metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish yoki ijaraga berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

1-sentabrdan esa ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali beriladi.

Shuningdek, “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.

Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.

1-sentabrgacha davlat ixtiyoridagi istirohat bog‘lari xatlovdan o‘tkaziladi.